Vodiyda “Xizb ut-Tahrir” a’zolari qo‘lga olindi. Ular muqaddam sudlangan

Jamiyat

image

Bugun, 16 oktyabr kuni Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlariida istiqomat qiluvchi O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati taqiqlangan “Xizb ut-Tahrir” diniy-ekstremistik tashkilotining bir guruh a’zolari jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Mavjud ma’ulomotlarga ko‘ra, ushbu shaxslarning aksariyati muqaddam “Xizb ut-Tahrir” diniy-ekstremistik tashkilotiga a’zo bo‘lganliklari uchun jazo muddatini o‘tab chiqqan bo‘lib, O‘zbekiston Hukumati tomonidan ularga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy, huquqiy va ma’naviy ko‘makka qaramasdan jinoiy til biriktirib aholi orasida noqonuniy targ‘ibot olib borib, “Xizb ut-Tahrir” DET g‘oyalarini tarqatganlar hamda shu yo‘l bilan saflarini kengaytirishga qaratilgan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganlar. Shuningdek, ular ekstremistik g‘oyalaridan voz kechgan, muqaddam jazo muddatini o‘tab chiqqan boshqa fuqarolarni ham qayta jinoyat sodir etish yo‘liga chorlaganlar.  

Hibsga olingan shaxslarning yashash manzillarida ekstremistik mazmundagi adabiyotlar mavjudligi aniqlangan va ular protsessual tartibda rasmiylashtirib olib qo‘yilgan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun, “Xizb ut-Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti 1953 yilda Falastin davlatida Taqiyuddin Nabixoniy tomonidan asos solingan bo‘lib, maqsadi – dastlab musulmon mamlakatlarida, keyinchalik esa butun dunyoda yagona Xalifalik davlatini o‘rnatishdan iborat.

Bugungi kunda ushbu tashkilotning faoliyati Rossiya Federatsiyasi, Germaniya, Xitoy Xalq Respublikasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalari va yana bir qator mamlakatlar hududida taqiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi  qarori bilan “Xizb ut-Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti faoliyati O‘zbekiston Respublikasi hududida taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.   

“Fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da’vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari, saqlamasliklari va tarqatmasliklarini so‘raymiz”, deyiladi IIV xabarida. 


Maqola muallifi

Teglar

Xizb ut-Tahrir

Baholaganlar

221

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing