“Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” yo‘nalishlarida pullik avtomobil yo‘llari quriladi – Mirziyoyev
Jamiyat
−
25 Sentabr
9190“Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” yo‘nalishlarida pullik avtomobil yo‘llari, “Toshkent – Samarqand”, “Samarqand – Navoiy – Buxoro” yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yo‘l qurish loyihalari amalga oshiriladi. Bu haqda bugun, 25 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashi IX yillik yig‘ilishining ochilish sessiyasida so‘z ochdi.
Respublikaning 6 ta xalqaro aeroportini modernizatsiya qilishni davlat-xususiy sheriklikka beriladi. Shuningdek, kelgusi besh yilda elektr, suv va gaz taqsimlash tarmoqlarini boshqarish xususiy operatorlarga o‘tadi. Masalan, Samarqand viloyatining elektr tarmoqlarini boshqaruvga olish bo‘yicha o‘tkaziladigan tenderga 50 dan ziyod xorijiy nufuzli kompaniyalar o‘z qiziqishini bildirdi.
"Shu bilan birga, bizda har yili 100 mingdan ziyod xonadonli uy-joylar qurilmoqda. Masalan, Toshkent, Samarqand, Namangan va Andijon kabi yirik shaharlarimiz hamda qolgan viloyatlar markazlariga yo‘ldosh “Yangi O‘zbekiston” shaharchalarini qurish bo‘yicha katta loyihalarni amalga oshiryapmiz.Bu borada o‘rta shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha 200 million dollarlik, qishloq joylaridagi infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha 130 million dollarlik loyihalarni Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda boshlaganimizni alohida e’tirof etmoqchiman. Ishonchim komil, Bank va boshqa hamkorlarimiz bilan bunday infratuzilmaviy loyihalarni yanada kengaytiramiz", dedi Mirziyoyev.
Qayd etilishicha, sammitning asosiy mavzusi – "Barcha uchun barqaror infratuzilma yaratish". Kun tartibidan global iqtisodiyot va moliya sohalaridagi dolzarb masalalar, Osiyo va dunyoning boshqa mintaqalarida infratuzilmani rivojlantirishning strategik dasturlari va rejalarini muhokama qilish o‘rin olgan.
Shavkat Mirziyoyev forumning asosiy mavzusini inobatga olgan holda, barqaror infratuzilmani yaratish sohasida xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlik bo‘yicha katta tajriba to‘planganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Mamlakatda 2030 yilgacha 30 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish dasturi qabul qilingan. Xususan, Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘llarini qurish, Toshkent-Samarqand, Samarqand-Navoiy-Buxoro tezyurar temir yo‘lini barpo etish, 6 ta xalqaro aeroportni modernizatsiya qilish va boshqa muhim loyihalar amalga oshiriladi.
OIIB bilan o‘rta shaharlarni rivojlantirish va qishloq joylarda infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani alohida ta’kidlandi.
Yana bir ustuvor yo‘nalish - "yashil" iqtisodiyotni jadal rivojlantirish. O‘zbekistonda 2030 yilga borib "yashil" energiya ulushini 40 foizga yetkazish maqsad qilingan. Yaqin yillarda quyosh, shamol va gidro elektr stansiyalari, infratuzilma ob’ektlari va tarmoqlarini qurish rejalashtirilmoqda.
Yirik "yashil" ma’lumotlar markazlarini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga "yashil" sertifikatlar bozori shakllantiriladi. Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoni "yashil" energiyaning yirik eksportchisiga aylantirishga qaratilgan katta ishlarni alohida ta’kidladi. Buning misollaridan biri Transkaspiy energiya ko‘prigi qurilishi hisoblanadi. Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda Markaziy Osiyoda "yashil" energetikani rivojlantirish dasturini amalga oshirish taklif etildi.
Shuningdek, yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga bo‘lgan ehtiyoj oshib borayotganiga e’tibor qaratildi. “Xitoy - Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi buning yorqin misolidir. Ayni paytda Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslari taqchilligi muammolari ayniqsa o‘tkir tus olmoqda. Shavkat Mirziyoyev Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha Mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Prezident OIIBning O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishiga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi. Bugungi kunda infratuzilma, energetika, transport, suv ta’minoti, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan qo‘shma loyihalar portfeli 3 milliard dollardan oshgan. 4 milliard dollarlik yangilangan dasturni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
"Kelgusi ikki kunda Bank boshqaruvchilari oldida juda muhim global va mintaqaviy muammolarga zamonaviy yondashuvlar asosida yechimlar topish, yangi loyiha va dasturlarni muhokama qilish kabi mas’uliyatli vazifalar turibdi. Sizlar qabul qiladigan qarorlar Bankka a’zo mamlakatlarda yashaydigan 6 milliarddan ziyod aholining kundalik hayotiga bevosita ta’sir qiladi", dedi so‘zining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari sammit ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.
LiveBarchasi