Vladimir Putin Prezident Mirziyoyevni tavallud kuni bilan tabrikladi
Jamiyat
−
24 iyul 2021
3113Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Rossiya Prezidenti davlat rahbarini tavallud ayyomi bilan dildan muborakbod etib, O‘zbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va bardavom ravnaq tiladi.
O‘zbekiston-Rossiya strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Oliy darajadagi tadbirlar rejasi muhokama qilindi.
Mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgani, eng avvalo, o‘zaro tovar ayirboshlash barqaror ortib borayotgani, iqtisodiyot tarmoqlarida qo‘shma kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma quvvatlarni tez fursatda ishga tushirish muhim ekani ta’kidlandi.
Yetakchilar mintaqa kun tartibi, shu jumladan Afg‘oniston bo‘yicha yuzaga kelayotgan vaziyat xususida fikr almashdilar.
Avvalroq O‘zbekiston Prezidentining Matbuot kotibi Sherzod Asadov quyidagi davlat rahbarlari qutlov yo‘llaganini ma’lum qilgandi:
XXR Raisi Si Szinpin
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an
Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov
Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev
Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje In
Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi
“Ushbu tabriklarda Prezidentimizning mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lidagi oqilona siyosati va sa’y-harakatlari, mintaqaviy va global miqyosdagi tashabbuslarining ahamiyati e’tirof etilib, davlatimiz rahbari va xalqimizga eng ezgu tilaklar bildirilgan”, deydi Asadov.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 64 yoshni qarshiladi. Ma’lumot o‘rnida, Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.
LiveBarchasi