Viktoriya sharsharasida noyob “Oy kamalagi” kuzatildi
Olam
−
14 may 1865 3 daqiqa
Zimbabve va Zambiya davlatlari chegarasida joylashgan dunyoga mashhur Viktoriya sharsharasida tabiatning eng noyob va kam uchraydigan hodisalaridan biri – “Oy kamalagi” ko‘rindi. Bu hodisa quyosh nuri emas, balki to‘lin Oy nuri suv tomchilarida sinishi va aks etishi natijasida hosil bo‘ladi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Tunda sharshara hududida to‘plangan sayyohlar ushbu noyob manzarani ko‘rish uchun soatlab kutgan. Avvaliga ba’zilar tuman ichida xira yorug‘likni sezganini aytib ishora qilgan, biroq u tezda yo‘qolgan. Oradan biroz vaqt o‘tib esa qorong‘u osmon va sharshara tumanida aniqroq yoy shakli paydo bo‘lib, asta-sekin kuchaygan.
Sayohatchilar sharshara hududiga yaqinlashganida, avvalo quloqqa kuchli gumburlash ovozi chalingan. Bu tovush asta-sekin kuchayib, atrofdagi butun muhitni qamrab olgan. Keyinchalik esa 100 metrdan ortiq balandlikdan tushayotgan suv massasi hosil qilgan zich tuman va purkagichlar orasida xira yorug‘lik yoy shaklini ola boshlagan.
Hodisaga guvoh bo‘lganlarning aytishicha, bu manzara dastlab sezilmas darajada bo‘lgan. Suv bug‘i ichida xira oq dog‘ paydo bo‘lgan, so‘ngra asta-sekin yoy shakliga kirib, qorong‘u osmon fonida cho‘zilgan yorug‘ chiziqqa aylangan. Tabiiy yorug‘lik va suv zarrachalarining uyg‘unligi bu manzarani yanada sirli va g‘ayrioddiy ko‘rinishga olib kelgan. Oy kamalagi paydo bo‘lganda atrofda chuqur jimjitlik hukm surgan, odamlar bu manzarani hayrat bilan kuzatgan. Yorug‘likning juda nozik va tarqoq ko‘rinishi uni oddiy kamalakdan farqlab turadi, ba’zan esa faqat kameralar uzoq ekspozitsiya orqali uning ranglarini – qizil, ko‘k va binafsha tuslarni aniqroq ko‘rsatib bera oladi.
Mutaxassislarning fikricha, oy kamalagi juda noyob atmosfera hodisasi bo‘lib, uning hosil bo‘lishi uchun bir nechta tabiiy shartlar bir vaqtda mos kelishi kerak: osmonda yorqin to‘lin oy bo‘lishi, osmon bulutsiz bo‘lishi va havoda yetarli miqdorda suv tomchilari mavjud bo‘lishi zarur. Bundan tashqari, kuzatuvchi joylashuvi ham muhim, ya’ni Oy orqa tomonda, sharshara esa old tomonda bo‘lishi kerak.
Toronto universiteti fizika professori Kimberli Strongning ta’kidlashicha, Oy kamalaklari oddiy kunduzgi kamalaklardan ancha xira bo‘ladi, chunki oy nuri quyosh nuriga nisbatan ancha sust. Shu sababli ularni inson ko‘zi bilan aniq ranglarda ajratish qiyin, ba’zan esa ular deyarli oq yoki kulrang tusda ko‘rinadi.
Biroq Viktoriya sharsharasi oy kamalaklarini muntazam kuzatish mumkin bo‘lgan dunyodagi eng yaxshi joylardan biri hisoblanadi. Bunga sabab esa sharsharadan doimiy ravishda ko‘tarilib turadigan ulkan suv bug‘i massasi bo‘lib, u kamalak hosil bo‘lishi uchun zarur muhitni yaratadi. Ammo mutaxassislar bu hodisa har doim ham yuz bermasligini, faqat to‘lin Oy davridagi ayrim tunlarda va qisqa vaqt davomida ko‘rinishini ta’kidlaydi. Ularning fikricha, aynan shu noziklik va kam uchrashi Oy kamalagini tabiatning eng sirli va eng go‘zal hodisalaridan biriga aylantiradi.
Zarnigor Xudoyberdiyeva
Live
Barchasi