“Vaziyatning keskinlashuvi hech kimga foyda keltirmaydi”. Jonson va Putin Ukraina haqida gaplashdi
Olam
−
03 fevral 2022
8738Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson kecha, 2 fevral kuni telefon orqali suhbatlashdi. Suhbatda Ukraina ichidagi inqiroz konteksti va Rossiya Federatsiyasi uchun uzoq muddatli qonuniy mustahkamlangan xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha vaziyat yuzasidan yetarlicha batafsil fikr almashildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, Putin Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari haqidagi xavotirlariga NATO munosib javob berishga tayyor emasligini qayd etgan.
“NATOning Rossiyaning asosli xavotirlariga adekvat javob berishga tayyor emasligi qayd etildi. Rossiya Prezidenti bu masalalarga fundamental yondashuvlarni belgilab berdi. Xususan, Kiyevning Minsk kelishuvlarini surunkali sabotaj qilishiga e’tibor qaratildi”, deya qo‘shimcha qilgan Kreml.
Dauning-stritning xabariga ko‘ra, Ukraina atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi hech kimga foyda keltirmaydi.
“Rahbarlar vaziyatning yomonlashishi hech kimning manfaatiga mos emas degan fikrga keldi. Bosh vazir muloqot va diplomatiya muhimligini hamda Ukrainani muzokaralar jarayoniga qo‘shish zarurligini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Dauning-stritning qayd etishicha, Jonson va Putin London hamda Moskva o‘rtasidagi iqlim o‘zgarishi, Afg‘onistondagi vaziyat va Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuv kabi masalalarda ham muloqot qilishni olqishlagan.
Shu bilan birga Jonson Putinga NATO mudofaa ittifoqi ekanini, barcha demokratik davlatlar, jumladan, Ukraina ham tashkilotga a’zo bo‘lish uchun ariza berish huquqiga ega ekanini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, 1 fevral kuni Jonson Kiyevga tashrif buyurib, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazgan edi.
So‘nggi oylarda Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar yanada keskinlashgan. Vashington va Bryussel Moskvani Ukrainaga “bosqin” tayyorlayotganlikda ayblamoqda va shu fonda Sharqiy Yevropada o‘z ishtirokini kuchaytirmoqda. AQSH Rossiya hujumga o‘tgan taqdirda unga sanksiyalar joriy qilishini aytib kelayotgandi.
Rossiyada barcha da’volar rad etilmoqda. Kreml va Tashqi ishlar vazirligi “tajovuzkorlik” hikoyalarining maqsadi Rossiya chegaralari yaqinida xorijiy guruh yaratish ekanligini bir necha bor ta’kidlagan. Ular, shuningdek, keskinlashuvning asosiy sababi qilib Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlayotgan va shu orqali uni harbiy sarguzashtlar sari undayotgan AQSH va NATO harakatlarini ko‘rsatmoqda.
LiveBarchasi