Vaziyat tarang. Rossiya AQSH va Yevropa bilan xavfsizlik masalasini kelishib olmoqchi
Olam
−
28 dekabr 2021 7303 2 daqiqa
Moskva va Vashington 2022 yilning 10 yanvar kuni qurol nazorati va Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda Oq uy Matbuot xizmati xabar berdi.
“AQSH Rossiya bilan hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutmoqda”, deydi Amerika Milliy xavfsizlik kengashi vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilning 12 yanvar kuni Rossiya-NATO kengashi yig‘ilishi, ertasi kuni esa Rossiya va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning ta’kidlashicha, Moskva yangi yil bayramidan so‘ng xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha Vashington bilan muzokaralarning asosiy raundini rejalashtirmoqda. Rossiya tomonidan ularga vazirlik va harbiylar ishtirokidagi idoralararo delegatsiya boshchilik qiladi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya AQSHga hech qanday ultimatum qo‘ymaydi, biroq “tuganmas munozara” haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Uning aytishicha, ma’lum bir muddat ichida Moskva bu masala bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlar natijasini ko‘rishi muhim.
Joriy yilning dekabr oyi o‘rtalarida Rossiya AQSH va NATOga xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuv loyihalarini topshirdi. Ularda NATOni sharq tomon kengaytirmaslik, sobiq SSSR mamlakatlarini ittifoqqa qo‘shmaslik va Ukraina hududida harbiy faoliyatni taqiqlash to‘g‘risidagi bandlar bor. Bundan tashqari, Moskva Vashingtonga quruqlikdagi o‘rta va qisqa masofali raketalarni hamda yadro qurollarini o‘z hududidan tashqarida joylashtirmaslikni taklif qilgan.
Oq uy matbuot kotibi Jen Psakining so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning ayrim takliflariga rozi bo‘lishi mumkin, ammo NATO bilan bog‘liqlariga emas. AQSH yanvar oyi boshidan “turli kanallar orqali” xavfsizlik kafolatlarini diplomatik muhokama qilishni boshlashga tayyorligini ma’lum qildi. Davlat kotibi Entoni Blinken esa muzokaralar 2022 yilda vaqtidan “nisbatan erta” o‘tkazilishi mumkinligi ma’lum qildi.
Shu o‘rinda, so‘nggi oylarda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi haqida taxminlar tez-tez yangray boshladi. Yevropa ommaviy axborot vositalari va AQSH razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda Rossiya o‘zining G‘arbiy chegara hududida 175 ming askar to‘plamoqda. Xalqaro hamjamiyat esa buni Ukrainaga tahdid sifatida baholamoqda. Ayni vaqtda kun tartibida turgan ushbu masala, 7 dekabr kuni Putin va Bayden o‘rtasida kechgan muloqotda ham muhokama qilindi.
Germaniyaning “Bild” gazetasi hatto Rossiya Ukrainaga bostirib kirish uchun ikkita hujum rejasini ishlab chiqqani haqida xabarlar tarqatdi. Nemis nashri hujum 2022 yil boshida amalga oshirilishiga ishonch bildirgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr