Vaziyat og‘irlashyapti: Moskvada koronavirusga qarshi yangi choralar kuchga kirdi
Olam
−
25 Oktabr 2021
8758Bugundan boshlab Moskvada COVID-19 bilan kasallanishning ko‘payishi munosabati bilan yangi cheklovlar kuchga kirdi. Bu haqda RBK xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, 60 yoshdan oshgan va surunkali kasalliklarga chalingan fuqarolar doimiy yashash joyiga ko‘ra, uy rejimiga rioya qilishi shart. Bu cheklov 2022 yil 25 fevralgacha amal qiladi.
Moskvadagi ish beruvchilar umumiy ishchilar sonining kamida 30 foizini hamda 60 yoshdan oshgan va surunkali kasalliklarga chalingan barcha xodimlarni masofadan ishlashga o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Masofaviy ish formati ham 2022 yil 25 fevralgacha davom etadi.
Shu bilan birga, keksa fuqarolar uchun ochiq havoda yurish va jismoniy tarbiya mashqlari cheklanmagan. Ishlayotgan moskvaliklar ham kasallik ta’tilini olish huquqiga ega. Keksa va surunkali kasalligi bor fuqarolar agar oxirgi olti oy ichida emlangan yoki koronavirusga chalingan bo‘lsa, uy rejimiga rioya qilishdan ozod qilinadi. Xodimning ish joyida bo‘lishi tashkilotning faoliyati uchun muhim bo‘lsa, ular masofadan ishlashga yuborilmaydi.
Masofaviy ish rejimiga o‘tish talabi emlangan va kasallikni boshdan o‘tkazib bo‘lgan xodimlarga, shuningdek tibbiyot muassasalari, mudofaa sohasi korxonalari, “Rosatom”, “Roskosmos” va boshqa ba’zi strategik tarmoqlar xodimlariga taalluqli emas.
Moskvada joriy yilning 28 oktyabridan shahar meri Sergey Sobyanin tomonidan 21 oktyabrda e’lon qilingan cheklovlar kuchga kiradi:
- ishlanmaydigan kunlar boshlanadi, ular 7 noyabrgacha davom etadi;
- poytaxtda lokdaun joriy etiladi. Savdo markazlari, do‘konlar, kinoteatrlar va umumiy ovqatlanish korxonalari yopiladi. Dorixonalar va oziq-ovqat do‘konlari ishlashda davom etadi;
- restoranlar olib ketish xizmati uchun ishlashi mumkin bo‘ladi;
- teatrlar va muzeylar ishlashda davom etadi, ularga tashrif buyurish uchun QR kodlari kerak bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan kun davomida Moskvada COVID-19 bilan kasallangan yana 1442 kishi shifoxonaga yotqizilgan, 5279 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan.
Kecha barchasi bo‘lib Rossiyada 35660 yangi infeksiya holati qayd etilgan. O‘tgan kun davomida 22 784 kishi tuzalgan. 1072 kishi koronavirusdan vafot etgan.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15