Vaziyat barqarorlashgan, hayot o‘z maromiga qaytmoqda. Mirziyoyev Nukusda yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida bo‘lib turibdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, bugun, 3 iyul kuni tongda videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, barcha tumanlar bilan muloqot qilingan. Tuman hokimlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berilgan. 

Shavkat Mirziyoyevning kechagi murojaatidan keyin vaziyat barqarorlashgan, hayot o‘z maromiga qaytmoqda.

“Ma’lumki, kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holat joriy etilgan edi. Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududining komendanti ushbu holat bo‘yicha axborot berib, vaziyat to‘liq nazoratga olinganini ta’kidladi”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, kecha, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

285

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing