Vazirlik uchun “kurash”. Kimning qo‘li yo bilimi baland keladi?
Jamiyat
−
29 dekabr 2022
19496Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 22 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan mamlakatda yiirik ma’muriy islohotlar boshlandi. Unga ko‘ra, davlat boshqaruvi organlarining xodimlari 30-35% gacha, ijro etuvchi hokimiyat organlarining soni 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan vazirliklar sonini 25 tadan 21 tagacha qisqaradi.
Xo‘sh, bu ixchamlashtirish qay darajada adolatli bo‘ladi? Bunda faqat quyi pog‘onadagi xodimlar qisqartirilib, vazirlar o‘z lavozimiga yaqin lavozimlarga o‘tib qolmaydimi?
Aytaylik, vazirliklarning qo‘shib yuborilishi ortidan vazirlar, vazir o‘rinbosarlari o‘rtasida o‘ziga xos raqobat yuzaga keladi.
Masalan:
• Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov va Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov;
• Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov va Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin;
• Uy-joy kommunal xizo‘mat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov va Qurilish vaziri Botir Zokirov;
• Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov va Iqtisodiyot va sanoat vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida vazirlik uchun “kurash” yuzaga kelmaydimi?
Qolaversa, ularning bir necha nafardan o‘rinbosarlari ham bor.
Ayni vaqtda yuqorida nomlari sanalgan 6 vazirlik birlashishi kutilmoqda. Xo‘sh, ushbu vazirliklar birlashadigan bo‘lsa, qaysi vazir ketib, qaysinisi qoladi?
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matuot anjumanida QALAMPIR.UZ ushbu savol bilan mutasaddilarga yuzlandi.
“U vazir bo‘ladimi, vazir o‘rinbosari yoki boshqarma boshlig‘i – farqi yo‘q. Agar tizimga mos kelmaydigan lavozim bo‘lsa, u qisqartiriladi va ularga 2 oy oldin ogohlantirish xati beriladi.
1 yanvardan boshlab bo‘shatib yuboradi, deb o‘ylamang. Bizga bir necha oy vaqt berilgan. Mana shu vaqt oralig‘ida biz qonun asosida bo‘shatadiganimizni bo‘shatamiz, ishsiz qolganlarni boshqa ishga joylashtiramiz. Lekin, hech kimni yoppasiga ishdan haydab yubormaymiz. Hammasi Mehnat kodeksi doirasida bo‘ladi”, deydi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov.
Shuningdek, u O‘zbekistonda bir vazirlik ikkinchi vazirlikka hech qachon raqobatda bo‘lmaganini urg‘ulab, aksincha, birga maslahatlashib, katta-katta hukumat qarorlarini tayyorlaganini ta’kidladi.
“Bu degani, kim, qachon, qaysi lavozimni egallagani emas, “kim qachon nimani ijro etadi va nimaga mas’ul bo‘ladi, uning javobgarligi nimadan iborat?” degan ma’noda shtat strukturasi tuziladi”, deydi u.
Umurzoqovning gaplarini Adliya vaziri Akbar Toshqulov shunday dedi:
“Raqobat bo‘lgani xalqimizga yaxshi. Eng yaxshisi muovin bo‘lishi mumkin yoki agentlikka rahbar bo‘ladi. Bitta joyda hech qachon ikkita vazir bo‘lmaydi. Bu yerda mehnat qonunchiligiga to‘liq rioya etiladi. 2 oy oldin ogohlantirish, yoki konpensatsiya berish masalasi qonun doirasida ko‘rib chiqiladi. Bu bo‘yicha ish olib borishning mexanizmlari ishlab chiqilgan”.
Shuningdek, u QALAMPIR.UZ jurnalistining ma’muriy islohotlar doirasidagi qisqartirishlar faqat quyi pog‘onadagi organlarda emas, balki yuqori davlat organlarida ham amalga oshirilishi yoki yo‘qligi haqidagi savoliga Toshqulov quyidagicha javob berdi:
“Vazirlik va boshqarmalarning funksional vazifalari bor. Avvalo o‘sha funksional vazifalarni nechta xodim bajara olishi haqida me’yorlar ishlab chiqiladi. Undan keyingina vazifani bajarishdagi ortiqcha xodimlar qisqaradi. Bu hamma vazirliklar bir xil 30-35 %ga qisqaradi degani emas. Ba’zi vazirlikning funksional vazifalari ko‘p bo‘lsa, [ortiqcha ishchilari bo‘lmasa, kamroq qisqaradi] Maqsad – ishga halaqit qilmaslik, ishni bajarish. Buning uchun yetarli miqdorda kadrlar bilan ta’minlanishi kerak. Agar shu joyda ortiqcha kadr paydo bo‘ladigan bo‘lsa, boshqa sohaga yo‘naltiramiz”.
U fikrini davom ettirar ekan, Vazirlar Mahkamasining 2,5 baravarga qisqartirilganini qo‘shimcha qildi.
“Agar maqsad faqat pastdagini qisqartirish bo‘lganda, Vazirlar Mahkamasini 2,5 baravarga qisqartirmas edik. 269 tadan 120 taga tushirildi. Bu juda katta optimallashtirish. Shuning uchun asosiy maqsad pastdagi idoralarni qisqartirishmi, degan fikringiz xato”, deya ta’kidladi Adliya vaziri.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1 yanvardan 9 ta agentlik tugatilishi haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi