Vazirlik anomal issiqda ekinlarni saqlab qolish bo‘yicha tavsiyalar berdi
Foydali
−
05 iyul 2021
6695Avvalroq O‘zbekiston hududida anomal issiq havo hafta oxirigacha saqlanib qolishi haqida xabar bergan edik. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunday ob-havo vaqtida ekinlarni qanday saqlash kerakligi borasida tavsiyalar berdi.
Issiq haroratning salbiy oqibatlarini oldini olish maqsadida quyidagi tadbirlar tavsiya etiladi:
• Birinchidan, kultivatorlarni to‘liq ishga jalb qilish, ishchi organlarini to‘ldirish va baliq sirti qilib o‘ragan holda, ertalab va kechki soatlarda ishlashini tashkil etish;
• Ikkinchidan, tumanda mavjud barcha purkagichlarni (OVX-600, VP-1, shtangali Appolon) kechki soat 19:00 dan keyin ertalab
• 7:00 gacha ishlashini tizimli tashkil etish;
• Uchinchidan, barcha texnikalarni va fekalovozlarni jalb qilgan holda, tizimli ravishda mahalliy o‘g‘it jamg‘arish va ekskrement (go‘ng-navoz) chiqarishni tashkil etish.
• To‘rtinchidan, joylarda mavjud suv shtablarida suvdan samarali foydalanishni tashkil etish;
• Beshinchidan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suvchilar sonini kamida 2-3 martaga oshirish, ularga dalada barcha sharoitlarni yaratish va tungi sug‘orishga alohida e’tibor berish;
• Oltinchidan, sug‘orilayotgan har bir maydon “sharbat usulida” sug‘orilishi, sug‘orishni qisqa o‘q ariqlardan foydalangan holda hamda mavjud egiluvchan quvurlar orqali amalga oshirish;
• Yettinchidan, mikroiqlim hosil qilish va zararkunandalar keng tarqalishining oldini olish maqsadida, imkon qadar dala atroflariga suv sepish uchun barcha mashina va agregatlarni jalb etish;
• Sakkizinchidan, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan g‘alla maydonlarda ekilgan takroriy ekinlarni ushbu suv tejovchi uskunalarni qo‘llagan holda, sug‘orish ishlari o‘tkaziladi.
Qayd etilishicha, hududlardagi chorvachilik, parrandachilik va qo‘ychilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida to‘plangan mahalliy o‘g‘itlar sug‘orilayotgan dala maydonlariga bepul olib chiqiladi.
Ma’lumot uchun, Haftaning katta qismi davomida O‘zbekistonga Eron hududlaridan quruq va issiq havo kirib kelishi davom etadi. Havo harorati kechalari 25-27 daraja, kunduz kunlari 41-43, shimolda, janubda va cho‘l hududlarida 44-46 darajagacha bo‘ladi, bu o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 5-8 darajaga yuqoridir.