Vazir o‘rinbosari OTMga kirishda sportchilarga beriladigan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi
Sport
−
12 iyul 2021
11072Oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari yaqinlashgani sayin, abituriyentlarda qabul parametrlari bilan bog‘liq bir qancha savollar paydo bo‘lmoqda. Joriy yilning 22 iyun kuni qabul qilingan “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida qabul jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lgan parametrlar belgilab berilgan. Qarorga muvofiq, O‘zbekiston chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarga berilgan imtiyozlarning tartibi o‘zgartirildi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari Rahimjon Hakimovning AOKAda o‘tkazilgan brifingda qarorning tegishli qismi raqobatning tenglashishiga va adolat qaror topishiga yordam berishini ta’kidladi:
“22 iyun kuni OTMlarga qabul qilish bo‘yicha muhtaram Prezidentimiz tomonidan imzolangan qarorga ko‘ra sport musobaqalarida g‘olib bo‘lgan sportchilariga berilgan imtiyozlar bo‘yicha bir qator yangi parametrlar belgilab berildi.
Unga ko‘ra faqatgina xalqaro musobaqalarda (Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, Jahon va Osiyo chempionatlari) sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritganlar imtiyozli ravishda oliy ta’lim muassasalarining turdosh yo‘nalishlariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishiga ruxsat beriladi.
Avvalgi yillarda O‘zbekiston chempioni bo‘lgan sportchilar ham oliy o‘quv yurtlariga imtiyozli qabul qilinar edi. Bu yildan yangicha tartib joriy etildi. Uning tartibi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi, Turizm va sport vazirligi hamda tarkibida oliy o‘quv yurti mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralarning takliflari asosida har yili Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilab beriladi. Bunga ikki oy muhlat berilgan. Turizm va sport vazirligining rasmiy sahifasida ma’lum qilinadi”.
Shuningdek, sport musobaqalarida ishtirok etayotgan sportchilarning asosiy maqsadi ham oliy o‘quv yurtiga kirishdan iborat bo‘lib qolgan aytib o‘tildi.
“Bu haqida juda ko‘p murojaatlar kelib tushdi. Qariyb ikki yil davomida amal qilgan tartib tahlil qilinganda, yildan yilga bunday sportchilarning soni ortib bormoqda. Avvalgi yillarda 1200 ta imtiyozli sportchining qariyb 90 foizi O‘zbekiston chempionati ishtirokchilari bo‘lgan. Keyingi yil 2200 dan ziyodni tashkil etgan, mahalliy chempionlar esa, 95 foizni tashkil qilgan. Joriy yil hisobidan ushbu ko‘rsatkich 99,5 foizga yetgan. Yildan yilga sport musobaqalar ko‘payib, undagi ishtirok asosan imtiyoz uchun bo‘lib qoldi. Aslida yoshlarni sportga jalb qilish uchun joriy qilingan imtiyoz o‘zini oqlamadi.
Juda ko‘p yoshlarning talab va takliflari inobatga olinib, shuningdek, raqobatni tenglashtirish maqsadida bu qaror imzolangan. Endilikda avvalgi yillardan farqli ravishda imtiyozga ega sportchilar, kechki va sirtqi ta’lim yo‘nalishlarida ham o‘qishlari mumkin bo‘ladi”, deydi Hakimov.
LiveBarchasi