Vazir “svet” ko‘p o‘chayotganining sababini aytdi
Jamiyat
−
11 Sentabr 2023
13583Bugungi kunda O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi uzilishlar va yetkazib berish sifatining yomonlashishiga transformatorlarning yuqori darajada eskirgani hamda uzoq yillardan buyon ta’mirlanmayotgani sabab bo‘lmoqda. Bu haqda bugun, 11 sentyabr kuni Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida qatnashgan QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda Respublikada 238,6 ming kilometr kuchlanishli tarmoqlarning 37,6 foizi 40 yildan ortiq vaqt davomida ishlatib kelinmoqda. Ularning texnik imkoniyatlaridan kelib chiqilsa, har qanday uskuna 15 yilda, hech bo‘lmaganda 25 yilda kapital ta’mirlanishi lozim. Biroq tarmoqlarning 29,4 foizi 25 yildan, 33 foizi 10 yildan buyon ta’mirlanmagan.
“Elektr energiyasini tahlil qiladigan bo‘lsak, 2016-2022 yillar davomida ishlab chiqarish hajmi 1,2 barobarga oshib, yillik ishlab chiqarish 72 mlrda kV-soatga yetgan. Bu yil ayni shu ko‘rsatkichni 80 mlrd kV ga yetkazish niyatimiz bor. Bugungacha aholi uchun yetkazib beriladigan elektr energiyasi hajmi 1,5 baravarga oshib – 11 mlrd kV-soatdan, 16 mlrdga yetdi. Yildan-yilga aholi soni va yalpi ichki mahsulot narxi oshib bormoqda. Jumladan, sanoat 4,4 barobarga oshgan”, deydi Energetika vaziri.
Unga ko‘ra, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha 2016-2019 yillarda ijobiy ishlar qilingan. Bu yillarda elektr energiyasi tarifi oshib borgan va tarmoqlar modernizatsiya qilingan va davlatdan subsidiya olinmagan. 2020-2023 yillarda esa tarif oshirilmagan, shu bois korxonalar og‘ir moliyaviy ahvolga kelib qolgan.
“Elektr ta’minotidagi uzilishlar, sifatning yomonlashishiga esa taqsimlovchi tarmoqlar – transformatorlarning yuqori darajada eskirgani sabab bo‘lmoqda. Agar biz yangi 110 kV li liniyalarni qurib “nagruzka” qilmasak, yuklama ortishi oqibatida qishda yana ahvol og‘ir bo‘lishi mumkin. Birgina Andijon viloyatidagi transformatorni yangilash, liniyalarni modernizatsiya qilish uchun 363 mlrd so‘m mablag‘ kerak. Bozor iqtisodiyotini yaratmasak, tariflarni liberallashtirmasak bu sohaga investitsiya kelmaydi, modernizatsiya bo‘lmaydi va oxir oqibat iste’molchilar jabr ko‘radi”, deydi Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekistonda energetikadagi muammolarning oldini olish maqsadida 1 oktyabrdan boshlab yuridik shaxslar uchun elektr va gaz narxini erkinlashtirish rejalashtirilayotgani aytilgandi. Bu bo‘yicha hukumatning “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi e’lon qilingandi.
LiveBarchasi