Valverde Tchuameni bilan urishganini rad etdi

Sport

image

“Real Madrid” yarim himoyachisi Federiko Valverde jamoadoshi Orelen Tchuameni bilan mushtlashgani haqidagi xabarlarni inkor etdi. Bu haqda Valverde o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.

Avvalroq, ommaviy axborot vositalarida ikki futbolchi jamoaning mashg‘ulot bazasida tortishib qolgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro kecha, 7 may kuni ham davom etgan va vaziyatga boshqa futbolchilar aralashishga majbur bo‘lgan. Shuningdek, “Real Madrid” Valverdening boshidan jarohat olgani sababli u joriy yilning 10 may kuni “Barselona”ga qarshi o‘yinda maydonga tusha olmasligini ma’lum qilgan.

Valverde esa, ijtimoiy tarmoqlar orqali vaziyatga munosabat bildirdi.

“Kecha mashg‘ulot vaqtida jamoadoshim bilan tortishib qoldim. Bugun esa, yana bir tushunmovchilik yuz berdi. Janjal paytida tasodifan stolga urilib ketdim va peshonamdan yengil jarohat oldim. Shu sababli, shifoxonaga murojaat qilishimga to‘g‘ri keldi. Jamoadoshim meni urmadi, men ham uni urmadim. Odamlarga boshqacha ko‘rinishi mumkin, ammo bu ataylab qilingan ish emas edi”, dedi urugvaylik futbolchi.

Valverdening aytishicha, jamoaning Chempionlar ligasidan chiqib ketgani va mavsumning og‘ir o‘tayotgani futbolchilarga ruhiy bosim bo‘lgan.

“Men mavsum oxirigacha bu haqida gapirmoqchi emasdim. Chempionlar ligasidan chiqib ketganimizdan keyin ichimdagi g‘azabni saqlab yurgandim. Bu vaziyat tufayli keyingi o‘yinda jamoamga yordam bera olmasligim meni hammadan ko‘proq qiynamoqda. Men har doim maydonda bor kuchim bilan o‘ynaganman va hozir buni qila olmayotganimdan juda xafaman. Klub va jamoadoshlarim bilan kerak bo‘lsa har qanday masalada hamkorlik qilishga tayyorman”, dedi Valverde.

Ma’lumot uchun, 27 yoshli Federiko Valverde 2018 yildan beri “Real Madrid” safida o‘ynab kelmoqda. U madridliklar bilan uch marta La Liga chempionligini, ikki marta Chempionlar ligasi bosh sovrinini, bir marta Qirol kubogini va ikki bor UEFA Superkubogini qo‘lga kiritgan.

“Real Madrid” esa, La Liga navbatdagi turida safarda “Barselona”ga qarshi maydonga tushadi. Agar ushbu o‘yinda madridliklar ochko yo‘qotsa, kataloniyaliklar muddatidan oldin Ispaniya chempionligini rasmiylashtiradi.


Maqola muallifi

Teglar

“Real Madrid” Federiko Val'verde Orel'en Tchuameni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing