Shavkat Mirziyoyev “Vaksina – bu koronavirus tugadi degani emas”
Jamiyat
−
18 Sentabr 2020
21739Ma’lumki, bugun, 18 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilish avvalida davlat rahbari koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib o‘tdi. Kasallik hamon butun dunyo bo‘ylab keng tarqalayotgani, so‘nggi kunlarda mamlakatda ham bemorlar soni ko‘paygani afsus bilan qayd etildi.
“Koronavirus masalasini biz hech qachon unutmasligimiz kerak. Ming afsus oxirgi paytlarda hamma viloyatlarda ko‘payib boryapti. Biz sizlar bilan kelishib, mana shunday sharoitlarda yashash, ishlash, o‘qish va madaniy hordiq chiqarishga o‘rganishimiz kerak deyapmiz. Lekin hali hamma ham bunga e’tibor bermayapti, tushunmayapti”, deydi Shavkat Mirziyoyev ogohlikka chaqirib.
Ikkinchidan, davlat rahbari hozir juda yomon pnevmoniya kasalligi ham ko‘payganini qayd etdi. Shuningdek, kasalliklarga qarshi kurashish uchun juda ko‘p davlatlardan tajriba orttirish uchun shifokorlar olib kelinayotgani ta’kidlandi.
“Rossiyadan kelgan shifokorlar bizga juda katta yordam, ko‘mak, tajriba orttirdi desak to‘g‘ri bo‘ladi. Davolanishni o‘rganishimiz, davolash tizimini mutlaqo boshqa tarzda ko‘rishimiz kerak.
Ko‘ryapsiz, boshqa davlatlarda ham kasallanish ko‘payib boshladi. Biz maktabgacha ta’lim, o‘rta ta’lim, oliy ta’limda o‘qishni boshlayapmiz. Har bir ota-ona bilan gaplashib, talabiga qarab chora-tadbirlar qilib, shunga sharoit yaratyapmiz. O‘qituvchilarimizni ham testdan o‘tkazganimizda, ming afsus, ko‘pchiligidan kasallik chiqyapti”, deydi Prezident.
Mirziyoyev odamlar shamollashi bilan shifoxonaga borishi kerakligini, ammo ziyoli odamlar ham kasal bo‘lganida bir necha kunlab uyda qolayotganini tanqid qildi.
“Hozirgi pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarimiz ogohlik nuqtai nazaridan. Odamlar salgina shamolladimi darrov shifoxonaga borishi kerak. Katta-katta vazir, mutasaddilar ham, ziyolilar ham 4-5 kun uyda o‘tiryapti. Bu o‘zining sog‘lig‘iga, oilasiga xiyonatku. Aytyapmiz hammaga, shamoladingmi, darrov doktorga murojaat qilgin, tibbiyot muassasasiga kelgin, deyapmiz. Agar mana shularni hozir qilmasak, ertaga nima bo‘lishiga hech kim kafolat bermaydi”, deya u odamlarni o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilishga chaqirdi.
Prezident vaksina ishlab chiqarildi degani, koronavirus tugadi, insoniyat bu balodan qutuldi degani emasligini alohida aytib o‘tdi. U dori va mablag‘ zaxirasini tayyorlash zarurligini urg‘uladi.
“Dunyoda bo‘layotgan voqealarga qarab, bunga yengil qaramasligimiz kerak. Vaksina bu koronavirus tugadi yoki biz shu bilan yutdik, muammoimiz hal bo‘ladi degani emas. Shuni hamma bilishi kerak. Havo haroratining salgina pasayganiga shamollash ham, chaqiruv ham ko‘paydi. Dori-darmon, mablag‘ zaxiralarini saranjom qilish lozim. Xalqimizning oldida juda katta mas’usiyatimiz va javobgarligimiz bor. Buni barcha bilishi kerak”, deydi Prezident.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra. har kuni mahalliy televideniyeda Toshkent shahrida va viloyatlarda ertalab, kunduzi va kechqurun 1 soat ogohlikka da’vat qilish kerak. Mutaxassislar so‘zga chiqib, shamollash nima ekanini, qanday davolashni tushuntirib, odamlarga yetkazishi lozim. Qanday kamchiliklar bor, odammlar o‘zini qanday tutyapti, epidemiologik vaziyat qanday, shularni barchasini joy-joyiga qo‘yishimiz kerak
“Qish kelyapti, sovuqlar kelyapti. Har bir hokim kasallikni oldini olish bo‘yicha qishga tayyorgarlik qanday bo‘lishi haqida bir hafta ichida qaror qabul qiladi. Virus yonimizda yuribdi. Biz virus bilan kurashishni o‘rgansak, orttirilgan tajribani inobatga olib, chora-tadbirlarga “tamir intizom” bilan amal qilsak, foyda bo‘ladi, bo‘lmasa yo‘q”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident yig‘ilishda tibbiyot xodimlari, o‘qituvchilar va 65 yoshdan kattalarni grippga qarshi emlashni tezlatish kerakligini ham ta’kidlagandi.
LiveBarchasi