“Vagner” yollanma askarlar guruhi Putinning xususiy qo‘shiniga aylangan – OAV
Olam
−
08 aprel 2021
17752Yollanma askarlardan tashkil topgan “Vagner” guruhi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning “xususiy armiyasi” ga aylandi. Bu haqda Britaniyaning “Telegraph” gazetasi yozmoqda.
Nashrga ko‘ra, AQSHning maxfiylashtirilmagan sun’iy yo‘ldoshidan olingan rasmlarda Rossiyaning Liviyadagi “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi yollanma askarlariga tanklar va samolyotlarni qanday yetkazib berayotgani aks etgan.
“Liviyada “Vagner” guruhining yollanma askarlari Rossiyaning doimiy armiyasi xizmatida bo‘lgan uskunalardan foydalanmoqda”, deb yozadi nashr.
Amerikaning ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshlari tomonidan olingan tasvirlarga ko‘ra, Liviyada Rossiyaning SA-22 havo hujumidan mudofaa tizimlari, Il-76 harbiy yuk samolyotlari va minalarga qarshi zirhli transport vositalari foydalanilmoqda.
Maqolada “Vagner” yollanma askarlarining Liviyadan tashqari, Suriya va Afrikaning Sahroi Kabir cho‘lidan janub tomon cho‘zilgan davlatlarida ham faol ekani qayd etilgan. Qurolli yordam uchun mukofot sifatida yollanma askarlarga energiya manbalari, oltin va boshqa qimmatbaho metallardan foydalanish huquqi berilgani alohida qayd etilgan.
Xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspertlar “Vagner” zaif yoki noqonuniy rejimlarni qo‘llab-quvvatlash orqali Rossiyaning harbiy qudratini kengaytirmoqda, deb hisoblaydi.
Buyuk Britaniyaning Mudofaa vaziri Ben Uollesga ko‘ra, “Putinning oshpazi” nomi bilan tanilgan Yevgeniy Viktorovich Prigojin boshchiligidagi “Vagner” yollanma askarlari “zamonaviy urush qanchalik tez o‘zgarib borayotganini” isbotlagan.
Foto: Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va tadbirkor Yevgeniy Viktorovich Prigojin
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yovuz harbiylashtirilgan tuzilma G‘arb qurolli kuchlari uchun jiddiy muammo tug‘dirmoqda.
“Buyuk Britaniya va uning ittifoqchilari yollanma askarlarga qarshi turishga tayyor bo‘lishi kerak, ularning zararli oqibatlari uchun jangovar tayyorgarlikni oshirish kerak”, deydi Uolles.
Eslatib o‘tamiz, “Vagner” guruhiga rahbarlik qilishi aytilayotgan “Putinning oshpazi” joriy yilning mart oyida Rossiya Tergov qo‘mitasiga “amerikaliklardan tarkib topgan uyushgan jinoiy guruh uni o‘g‘irlashga urinishi” to‘g‘risida bayonot bilan murojaat qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, “Vagner” kabi xususiy harbiy kompaniyalarning an’anaviy qurolli kuchlardan ustunlik tomoni shundan iboratki, ular yollanma qotil kabi pul yoki boshqa kelishuv evaziga har qanday hududda harbiy vazifani amalga oshiradi. Shu bilan birgalikda, buyurtmachi davlat nomi sir qoladi.
Bundan tashqari, xususiy harbiy kompaniya askarlaridan biror kishi harbiy harakatlar vaqtida halok bo‘lsa, bu hech qayerda ro‘yxatga olinmaydi. An’anaviy qurolli kuchlardagi askarning o‘limi kabi mahalliy aholi orasida hukumatga nisbatan norozilik kayfiyatini uyg‘otmaydi.
LiveBarchasi