“Vagner”ning isyoni Rossiyada hokimiyat bo‘linishining ko‘rsatkichidir – Borrel 

Olam

image

“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi tomonidan qurolli isyon ko‘tarishga urinish Ukrainadagi mojaro Rossiyadagi hukumatni parchalashini va siyosiy tizimga ta’sir qilishini ko‘rsatdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Lyuksemburgda YeIga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi oldidan jurnalistlarga ma’lum qildi.

“Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yaratgan yirtqich hayvon uning o‘zini tishladi. Ushbu dam olish kunlari sodir bo‘lgan voqealar Ukrainaga qarshi urush Rossiya hokimiyatini bo‘lib, mamlakatdagi siyosiy tizimga ta’sir ko‘rsatayotganini namoyon qildi”, degan Borrel.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi oliy vakili Bryussel Rossiyadagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganini ta’kidlagan.

“Yadroviy davlatdagi siyosiy tartibsizliklar xavfli, Yevropa Ittifoqi voqealar rivojining mumkin bo‘lgan ssenariylari ustida ishlaydi. Ukrainani har qachongidan ham ko‘proq qo‘llab-quvvatlash vaqti keldi”, deya qo‘shimcha qilgan Borrel.

Prigojinning bir kunlik isyoni

Joriy yilning 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini talab qilib, Moskvaga borishini e’lon qildi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli harakatlarni to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa Ittifoqi Putin Vagner Jozep Borrel' Prigojin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing