Vetnamda virus avj olyapti. Danangning barcha aholisidan test olinadi
Olam
−
02 avgust 2020
8046Vetnamda koronavirusning yangi o‘chog‘iga aylanayotgan Danang shahrida barcha testdan o‘tkaziladigan bo‘ldi. O‘tgan haftadan bu yerda odamlar orasida koronavirus aniqlana boshlagandi.
“Reuters” ning xabar berishicha, umumiy hisobda 1,1 mln kishi koronavirusga tekshiriladi.
Ta’kidlanishicha, mamlakatda 1 avgustda 40 ta yangi kasallanish holati aniqlangan. Bundan 26 ta holat Danangda qayd etilgan. Umumiy hisobda kasallanganlar soni 586 nafarga yetgan va pandemiya boshidan 3 kishi vafot etgan.
Koronavirus avj olishi sababli Vetnamning yirik shaharlarida ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi taqiqlab qo‘yildi, barlar, tungi klublar va ko‘ngilochar maskanlar yopildi. Bungacha mamlakat koronavirusdan eng kam zarar ko‘rgan davlatlar qatorida turgandi.
Mamlakatda koronavirusni tekshirish uchun ikkita test to‘plami – VinKit SARS-CoV-2 RT-PCR 1.0 va VinKit SARS-CoV-2 Multiplex RT-PCR tayyorlangan. Ta’kidlanishicha, ushbu testlar JSST tavsiya qiladigan tahlillar kabi yuqori sifatga ega.
Eslatib o‘tamiz, Danangdagi uchta shifoxonada koronavirusning yangi shtammi aniqlangandi. Natijada karantin choralari kuchaytirilib, mazkur shifoxonalar karantinga yopilgandi. Mahalliy mutaxassislar koronavirusning yangi shtammini avvalgilaridan xavfliroq ekanini aytgandi, biroq JSST bu fikrlarni inkor qildi.
LiveBarchasi