Vens Eron bilan urushni tugatish shartini aytdi
Olam
−
10:21 496 2 daqiqa
Eron AQSH bilan urushni tugatish uchun uranni boyitish quvvatlarini sezilarli darajada qisqartirishi kerak. Bu haqda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens “Reuters”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, agar Eron yadro qurolini yaratishni istamasa, 60 foizgacha boyitilgan uran ishlab chiqarishiga ehtiyoj yo‘q.
“Agar siz yadro qurolini istamasangiz, unda nega 60 foizgacha boyitilgan yoqilg‘i kerak? Agar yadro quroli yaratmaslikka sodiqligingizni ko‘rsatmoqchi bo‘lsangiz, yuqori darajada boyitilgan yoqilg‘i ishlab chiqarmang”, degan Vens.
U Vashington Eron bilan kelishuv tuzishga ochiq ekanini, biroq Tehrondan yadroviy dastur bo‘yicha aniq yon berishlarni kutayotganini bildirgan.
“Biz so‘zlarni amaliy harakatlarga almashtirmoqchi emasmiz”, degan AQSH vitse-prezidenti.
Vensning bildirishicha, muzokaralarni Eron bo‘yicha qarorlarni aynan kim qabul qilayotgani noaniqligi ham qiyinlashtirmoqda. AQSH Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon va Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan muzokara olib bormoqda. Biroq Vens ularning mamlakat hokimiyati tizimidagi ta’siri qanchalik katta ekaniga aniqlik yo‘qligini aytgan.
Sentyabr oyi oxirida “Axios” nashri Eron va AQSH o‘rtasidagi Qatar vositachiligidagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgani haqida yozgandi. Muzokaralarda AQSHning Eron dengiz blokadasini bekor qilishi evaziga Tehronning yadroviy dastur bo‘yicha yon berishi muhokama qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH bilan muzokaralardagi bosh vakili Muhammad Boqir G‘olibof Eron Hormuz bo‘g‘ozini AQSH bilan kelishilgan yetti shart bajarilmaguncha ochmasligini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi