“O‘zyo‘linspeksiya” mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi – DXX
3-sahifa
−
24 noyabr 2022
8550“O‘zyo‘linspeksiya”ning Yo‘l-qurilish materiallari sifatini nazorat qilish va yo‘l sinov laboratoriya boshqarmasi mas’ul xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205- (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddalari (Mansab soxtakorligi) bilan jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Gap shundaki, “O‘zyo‘linspeksiya”ning Yo‘l-qurilish materiallari sifatini nazorat qilish va yo‘l sinov laboratoriya boshqarmasi tomonidan 2021 yilning fevral oyida Andijon viloyatining Xonobod shahridagi 4H-1071 “Xonobod-Turkobod” avtomobil yo‘lining 0-7 km qismida yotqizilgan asfaltbeton qatlamlarining qalinligi tekshirilgan hamda loyiha va me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa qilingan.
Biroq, joriy yilda mutasaddi idoralar tomonidan mazkur yo‘ldagi asfaltbeton qatlamining qalinligi qayta o‘rganilib, nazorat o‘lchovi o‘tkazish davomida ob’ektning asfaltbeton qoplamasidan olingan 73 ta namunalarning qalinligi loyiha va me’yoriy hujjatlar talablariga mos emasligi, qoplama qalinligi kam ekani aniqlangan.
Bosh pudratchi tomonidan yo‘l qoplamasining qatlamlar qalinligi me’yordan kam yotqizilgani oqibatida jami 86 728 AQSH dollari miqdoridagi ish hajmi qo‘shib yozilgani ma’lum bo‘lgan va tekshirish davomida ushbu qo‘shib yozilgan ish hajmlari to‘liq bartaraf etilgan.
“O‘zyo‘linspeksiya”ning Yo‘l-qurilish materiallari sifatini nazorat qilish va yo‘l sinov laboratoriya boshqarmasi mas’ul xodimlari yotqizilgan asfaltbeton qatlamining qalinligi loyiha va me’yoriy hujjatlar talablariga mos bo‘lmasa-da, 2021 yilda ijobiy xulosa berib, davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazishgan.
Mazkur holatda “O‘zyo‘linspeksiya”ning Yo‘l-qurilish materiallari sifatini nazorat qilish va yo‘l sinov laboratoriya boshqarmasi mas’ul xodimlari va boshqalarning harakatlarida hokimiyat va mansab vakolatini suiiste’mol qilish hamda mansab soxtakorligida ifodalangan jinoyat alomatlari mavjudligini inobatga olib, Transport prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 205 va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi