“O‘ztransgaz” AJ hududiy boshqarmasi mas’ullariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Jamiyat
−
04 yanvar 2023
14723Yangiyo‘l tumanidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Mas’ullarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha obektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi ishchi guruh (Ichki ishlar va Prokuratura organlari xodimlari bilan hamkorlikda) tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida Toshkent viloyatida joylashgan AGTKSH tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlangan.
Mazkur holat bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan AGTKSHga va “O‘ztransgaz” AJ hududiy boshqarmasi mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“3 yanvar kuni soat 21:00 lar atrofida Yangiyo‘l tumanida joylashgan “Hamkor gaz servis” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi (AGTKSH) belgilangan o‘chirish grafigiga rioya etmagan holda faoliyat ko‘rsatayotganligi ma’lum bo‘ldi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Mazkur shoxobchaning gaz hisoblash uskunasi ko‘zdan kechirilganda, uskunaga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi, ya’ni shoxobcha faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, uskuna ishlamayotganligi (ko‘rsatkichlari “0” holatda ekanligi) aniqlangan hamda tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatilib, gaz hisoblagich ekspertizadan o‘tkazish uchun yechib olingan.
Shuningdek, shoxobchaning elektr ta’minoti holati o‘rganilganda elektr hisoblagich va ma’lumotlar bazasi bilan noyabr oyidan buyon aloqa mavjud emasligi aniqlandi va hisoblagich ekspertizaga yuborilgan.
Shu bilan birga, ushbu AGTKSHning gaz hisoblagichi belgilangan tartibga zid ravishda o‘rnatilgani ham fosh etilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning iyul oyida "O‘ztransgaz" AJ mansabdorlari 4 trillion 904,7 mlrd so‘mni rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilingani va 7,4 mlrd so‘m mablag‘ ortiqcha mukofot pullari sifatida to‘lab berilib, o‘zlashtirilishi ortidan davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalgandi.
Lekin, "O‘ztransgaz" AJ mazkur xabarlarni rad etib, mansabdor shaxslariga nisbatan hech qanday jinoyat ishi ochilmagani va hech bir mansabdor shaxs biror jinoiy ish doirasida tergov jarayoniga jalb qilinmaganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi