O‘zsanoatqurilishbank “Komplayens nazorati tizimini samarali joriy etgan tashkilot” deb topildi

Biznes

image

Poytaxtimizda III Toshkent Aksilkorrupsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Forum doirasida O‘zsanoatqurilishbank “Komplayens nazorati tizimini samarali joriy etgan tashkilot” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi.
Forum Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi hamda “Taraqqiyot dasturi”, AQSHning Giyohvand moddalarni nazorat qilish va huquqni muhofaza qilish byurosi, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati kabi xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Unda o‘ndan ziyod davlatlarning sohaga aloqador vakillari bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘zaro tajriba almashildi, sohaning huquqiy va institutsional asoslarini takomillashtirish, O‘zbekistonning bu boradagi islohotlariga ko‘maklashish, shu bilan birga, xalqaro hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga kelishildi.

Forum doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tashkilot va faol shaxslar 5 ta nominatsiyada taqdirlandi. Jumladan, tijorat banklari orasida faqatgina O‘zsanoatqurilishbankning bu yo‘nalishdagi ishlari yuqori baholanib, “Komplayens nazorati tizimini samarali joriy etgan tashkilot” deya e’tirof etildi.
– So‘nggi yillarda dunyo hamjamiyati diqqati korrupsiya oqibatlariga emas, balki uning oldini olishga qaratilgan, jumladan, mamlakatimizda ham bu borada katta kuch safarbar etilmoqda, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruv raisi o‘rinbosari Shuhrat Yakubov. – Xususan, bankimiz tizimida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha sezilarli natijalar qo‘lga kiritildi. 2022 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatining samaradorligi bo‘yicha taqdim etilgan ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablariga muvofiqlik joriy yilda qayta tasdiqlandi. Bundan tashqari, Prezidentimizning 2022 yil 12 yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablarini bajarib, ushbu yo‘nalishdagi faoliyati “yaxshi” deya baholangan tashkilotlar qatoridan o‘rin oldik.

 

Bank Axborot xizmati


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing