O‘zsanoatqurilishbank 100 million AQSH dollarlik obligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirdi
Biznes
−
05 avgust 2023
4424Joriy yilning 4 avgust kuni O‘zsanoatqurilishbank umumiy qiymati 100 million AQSH dollari bo‘lgan 5 yillik xalqaro obligatsiyalarni xususiy joylashtirishni yakunladi.
Mazkur tranzaksiyada investor sifatida Xalqaro moliya korporatsiyasi, Avstriya taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Germaniya taraqqiyot moliya instituti hamda tashkilotchi bank sifatida Fransiyaning “Societe Generale” banki ishtirok etdi.
Jalb qilingan investitsiyalarning asosiy qismi “yashil” loyihalar, jumladan, energiya samaradorligini oshirish, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, “yashil” qurilish, qayta tiklanadigan energiya hamda suvni tejashga oid loyihalar, shuningdek kichik va o‘rta biznes hamda ayollar tadbirkorligini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Ushbu tranzaksiya Prezidentimizning shu yil 31 iyuldagi “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va xususiylashtirishni jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida amalga oshirildi. Hujjatda Bank tomonidan joriy yil yakuniga qadar kapital bozorlarida 100 million dollarlik “yashil” obligatsiyalarning chiqarilishi va joylashtirilishi belgilangan.
Ta’kidlash joiz, O‘zsanoatqurilishbank 2019 yilda O‘zbekiston tijorat banklari orasida birinchilardan bo‘lib xalqaro qarz bozoriga chiqqan. Unda Bank tomonidan London fond birjasiga 300 million dollarlik yevroobligatsiyalar joylashtirilgan.
Bank Axborot xizmati
Reklama huquqi asosida
LiveBarchasi