O‘zLiDeP loyihasi doirasida Xorazmning chekka mahallalarida 3000 dan ziyod tadbirkor ayol kashf etildi

Biznes

Reklama
0:00

Xorazmning chekka mahallalarida ham o‘z ishini yo‘lga qo‘ygan, oilasi daromadini oshirayotgan, yangi ish o‘rinlari yaratayotgan ayollar bor. Faqat ularning barchasi ham o‘z faoliyatini keng jamoatchilikka namoyish etish imkoniga ega emas.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashabbusi bilan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida “Ishbilarmon ayol” tanlovi ana shunday tadbirkorlarni izlab topish, ularning tajribasini ommalashtirish va qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

Bu safar tanlovning Xorazm viloyati bosqichida natijalar e’tiborga molik. 500 dan ortiq mahalla va tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkazilgan saralashlarda 3054 nafardan ziyod ishbilarmon xotin-qizlar ishtirok etdi. Ular orasidan 13 nafar tadbirkor ayol viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.

E’tiborlisi, tanlov faqat yirik shaharlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni emas, mahallalarda o‘z mehnati bilan ish boshlagan xotin-qizlarni ham keng maydonga olib chiqmoqda. Kimdir mehmonxona biznesini rivojlantiryapti, kimdir fermerlik bilan shug‘ullanmoqda, yana kimdir to‘qimachilik va mahalliy ishlab chiqarish orqali yangi ish o‘rinlari yaratmoqda.

Viloyat bosqichida Xiva shahridagi “Khiva Plaza” MCHJ rahbari Lola Mirzayeva birinchi o‘rinni egalladi. Uning korxonasida 150 nafar xodim mehnat qilmoqda. Ikkinchi o‘rinni “Shovot-Qumtepa” fermer xo‘jaligi rahbari Oychehra Tohirova egalladi. U rahbarlik qilayotgan xo‘jalikda shifobaxsh giyohlar yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.

Uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan “Marjona tekstil” MCHJ rahbari Dilafro‘z Bekjanova esa 70 nafar xotin-qizni doimiy ish bilan ta’minlagan. Korxona o‘tgan yili Rossiyaga 200 ming AQSH dollarlik bolalar kiyimlarini eksport qilgan.

Bu raqamlar ortida oddiy bir haqiqat bor: tadbirkorlik salohiyati faqat katta shaharlarda emas, har bir mahallada bor. Uni topish, qo‘llab-quvvatlash va ommalashtirish muhim.

“Ishbilarmon ayol” tanlovi orqali ana shu salohiyatni yuzaga chiqarish, mahallalarda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan xotin-qizlarni keng jamoatchilikka tanitish va ularning tajribasini boshqalarga namuna qilishga e’tibor qaratilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing