O‘zXDP fraksiyasi qonun loyihasiga qarshi chiqdi
Jamiyat
−
24 aprel
12299Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kuni-kechagi yalpi majlisida agrosanoat sohasida yangi bozor mexanizmlari joriy etilganligi munosabati bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Loyihada meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi mahsulot yetishtiruvchilar, qayta ishlovchilar va issiqxona xo‘jaliklarining huquqlarini himoya qilish maqsadida Agrosanoatni rivojlantirish agentligi sudga murojaat etgan taqdirda davlat bojidan ozod qilinishi nazarda tutilyapti.
Agentlik o‘z manfaatlarini ko‘zlab sudga murojaat qilganda ham davlat bojidan ozod etilishi to‘g‘risidagi norma O‘zbekiston XDP fraksiyasining qat’iy e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Chunki, agentlik maqsadsiz ishlatilgan, deb hisoblagan subsidiya mablag‘larini sud orqali qaytarishga urinishi subsidiya olgan fuqarolarga qiyinchilik tug‘dirishi, buning oqibatida turli tushunmovchilik va muammolar yuzaga kelishi mumkin. Bu esa Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari va elektorati manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligi qayd etildi.
Xususan, XDP fraksiyasi a’zosi Qizilgul Qosimova qonun loyihasi aynan kimning manfaatlari xizmat qilishi masalasi ochiq qolayotganidan xavotir bildirdi. Shuning uchun loyihani konseptual qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha fraksiya pozitsiyasini bildirdi.
Fraksiyaning yana bir a’zosi Anvarxon Temirov issiqxonalar uchun ajratilgan subsidiyalarning samaradorligini baholash chuqur yondashuvni talab qilishi, chunki issiqxonalar bir-ikki yilda barqaror daromadga kirmasligi, shuningdek, ajratilgan subsidiyalarning manzilligi uchun birinchi navbatda agentlik o‘zi mas’ul bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Maqsadsiz ishlatilgan, deb topilgan subsidiyalarni qaytarishga harakat kambag‘allikni qisqartirish borasidagi qo‘llab-quvvatlovchi yondashuvga zid bo‘lib qolishini alohida qayd etdi. Shu nuqtai nazardan qonun loyihasini qayta ishlash talab etilishini fraksiya nomidan bildirdi.
“Adolat” fraksiyasi a’zosi Zuhriddin Mavlonov esa qonun loyihasining asosiy mohiyatiga e’tibor qaratib, qonun tashabbuskorlariga davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan sub’ektlar qatoriga yana bir sub’ektning qo‘shilishi sudlar yuklamasining ortib ketishiga xizmat qilmaydimi? deya savol bilan yuzlandi.
“Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-2024 yillarda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan sudlarga bor yo‘g‘i 22 ta da’vo arizalari kiritilib, shundan 12 tasi qanoatlantirilgan, qolgan qismi ko‘rmasdan qoldirilgan. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida bu raqamlar soni keskin oshib ketishi mumkin”, dedi u.
Qonun tashabbuskorlarining ko‘tarilgan masala yuzasidan bergan tushuntirishlaridan so‘ng, raislik qiluvchi tomonidan O‘zLiDeP fraksiyasi rahbarining munosabati so‘raldi.
O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Hayitov fraksiya partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda, qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilishni va berilgan takliflar asosida uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash lozimligini ta’kidladi. Fraksiyaning yana bir a’zosi Ruslan Sobirov esa qonun loyihasi ushbu sohada faoliyat yurituvchi sub’ektlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishini qayd etib, uni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Aynan shu nuqtada parlamentdagi ikki fraksiya rahbarlarining fikrlari to‘qnashdi.
O‘zXDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov qonun loyihasini ko‘rib chiqish jarayonida qonun tashabbuskorlariga uni yalpi majlisga birinchi o‘qishga muhokama qilish jarayoniga qadar qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha imkon berilgani, lekin mutasaddilar ushbu takliflarni e’tiborga olmaganligini qayd etib, loyihani qayta ishlash uchun tashabbuskorlarga qaytarish lozimligini bildirdi.
Shundan so‘ng, raislik qiluvchi tomonidan qonun loyihasiga mas’ul qo‘mita raisi Ravshan Mamutovning fikri so‘raldi.
Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Mamutov ushbu qonun loyihasi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, meva-sabzavotchilik sohasida ajratilayotgan mablag‘larni maqsadli sarflanishida davlat nazoratini o‘rnatishga qaratilganini qayd etdi. Shuningdek, u loyiha ayrim kamchiliklardan holi emasligini, ya’ni agentlik vakolatlari umumiylikka tortib ketgani, shu sababli uni ikkinchi o‘qishga tayyorlashda normalarni aniq ko‘rsatib o‘tishni tashabbuskorlar bilan kelishib olganligini ta’kidladi.
Qo‘mita raisining munosabatidan so‘ng ovozga qo‘yilgan qonun loyihasi 32 ta qarshi ovoz bilan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Endilikda, qo‘mita qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlashda tashabbuskorlar bilan birgalikda bildirilgan e’tirozlarni ko‘rib chiqib, har bir fraksiya bilan ishlashi zarur bo‘ladi. Ikkinchi o‘qishgacha muhokama va munozaralar davom etadi.
Parlamentda mana shunday sog‘lom bahs-munozaralar ko‘proq bo‘lishi kerak. Bahs-munozaralarda haqiqat yuzaga chiqadi, qonun takomiliga yetadi. Bundan faqatgina davlat, jamiyat va saylovchilar yutadi.
LiveBarchasi