O‘zingniki o‘zagingni qirqar. Endi poraxo‘r rahbarlarni o‘z o‘rinbosari “sotadi”
Jamiyat
−
25 iyun 9947 4 daqiqa
O‘zbekistondagi barcha davlat organlari va tashkilotlarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etiladi. Ushbu xizmat agar davlat organi va tashkiloti birinchi rahbarlarining korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarini aniqlagudek bo‘lsa, bu haqda huquqni muhofaza qilish organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda joriy yilning 22 iyun kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida so‘z borgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil oxirida Oliy Majlis palatalari va mamlakat xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026 yilning 1 yanvaridan e’tiboran barcha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining komplayens bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilishi, korrupsiyaga nisbatan kurashda favqulodda holat e’lon qilinishini aytgan edi. Davlat rahbarining aytganlari yangi qonunda o‘z ifodasini topdi.
Qonunga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari idoralar faoliyatida korrupsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar hamda nazorat tizimi joriy etilishini ta’minlashi, korrupsiyaga qarshi kurashish vazifasini amalga oshiruvchi, byudjet mablag‘lari aylanmasini nazorat qiluvchi bo‘linmalarning hamda shaxsiy xavfsizlik bo‘linmalarining faoliyatini muvofiqlashtirishi, shaffoflikni ta’minlash, affillanganlik hamda manfaatlar to‘qnashuvi holatlarining oldini olishga qaratilgan korrupsiyaga karshi nazorat tizimini amalga oshirishi, davlat organi va tashkilotida korrupsiya holatlari hamda ularning oldini olish yuzasidan belgilangan tartibda tekshiruvlar o‘tkazilishini hamda katiy javobgarlik choralari ko‘rilishini tashkil etishi belgilangan.
Shuningdek, Ichki nazorat tuzilmalari korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.
Ularga o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlar berilmoqda:
• davlat organi va tashkiloti tizimidagi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan axborot hamda ma’lumotlar bazalaridan foydalanish;
• davlat organi va tashkilotida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon yaratuvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
• davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiyaga qarshi choralarni hamda nazorat tadbirlarini mustaqil yoki ishchi guruh tuzgan holda tashkil etish;
• korrupsiyaga qarshi kurashish borasida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv va tergov organlari bilan hamkorlik qilish, ularni belgilangan tartibda jalb etish choralarini ko‘rish;
• korrupsiyaviy omillarni aniqlash, ularning oldini olish va korrupsiya holatlariga chek qo‘yish maqsadida shaxslarning xatti-harakatlarini, hodisalarni hamda jarayonlarni bevosita yoki bilvosita kuzatish va qayd etish;
• o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan, fuqarolardan ma’lumotlarni hamda boshqa zarur hujjatlarni va materiallarni so‘rash va olish;
• vakolatini amalga oshirish doirasida zarurat tug‘ilganda tegishli hujjat va materiallar bilan tanishish maqsadida davlat organi va tashkilotining ob’ektlariga to‘sqinliksiz kirish;
• davlat organi va tashkiloti tizimida aniqlangan korrupsiya holatlari bo‘yicha yuqori turuvchi komplayens xizmatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustaqil ravishda xabardor qilish;
• davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiya holatlarini aniqlash hamda ularga chek qo‘yish maqsadida muayyan shaxslar bilan belgilangan tartibda nooshkora hamkorlik o‘rnatish;
• davlat organi va tashkiloti tizimida aniqlangan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik faktlari bo‘yicha to‘plangan materiallarni qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki bevosita ularning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalariga taqdim etish;
• davlat organi va tashkiloti tizimida qonun buzilishi hollarining oldini olish buyicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar va ushbu xollarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnomalar kiritish.
Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga xam ega bo‘ladi.
Davlat organi va tashkiloti birinchi rahbarlarining korrupsiyaga oid huquqbuzarliklari alomatlari aniqlanganda yoki jinoiy guruh faoliyatiga rahnamolik qilayotgan deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lganda ularning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari yuqori turuvchi komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati bilan kelishgan holda tegishli hujjatlar va ma’lumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etish, shuningdek kadrlar masalasi va moliyaviy xarajatlar buyicha boshqaruv qarorlarini qabul qilish huquqini vaqtincha to‘xtatish yoki tegishli rahbarni yoxud xodimni vazifasini bajarishdan vaqtincha chetlatish borasida taklif kiritish vakolatiga ega bo‘ladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga karshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Komplayens xizmati muvofiqlashtirib boradi.
Live
Barchasi