UzIMEI tizimi O‘zbekistonni orqaga tortyapti – Jahon banki eksperti
Texnologiya
−
30 yanvar 2022
21030UzIMEI tushunarsiz byurokratik tizim bo‘lib, O‘zbekistonni oldinga emas, balki orqaga tortayotgan siyosatlardan biridir. Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh iqtisodchisi Vinayak Nagaraj o‘zbekistonliklar uchun ortiqcha xarajat va murakkabliklar tug‘dirayotgan UzIMEI haqida shunday fikr bildirdi.
JB mutaxassisiga ko‘ra, UzIMEI O‘zbekistonda yakuniga yetmagan telekommunikatsiya islohotlarining mamlakat transformatsiyasini ushlab turganini eslatadi.
“Mobil telefonlarni samarali ro‘yxatdan o‘tkazish va “qora bozor” muammosini yechish bo‘yicha xorijiy davlatlardan ko‘pgina narsa o‘rganish mumkin”, deydi Nagaraj hozirgi UzIMEI tizimi O‘zbekiston fuqarolari, ayniqsa, mamlakatda 30 kundan ortiq bo‘ladigan chet elliklar uchun boshog‘riq ekanini ta’kidlab.
Bundan tashqari, ekspertga ko‘ra, UzIMEI nafaqat byurokratik to‘siq va mijozlarga qayishmaydigan tizim, balki yangi texnologiyalar va IOT (The Internet of things)ni keng joriy etishga to‘sqinlik qiladi. Vaholanki, IOT iqtisodiyotning yetakchi sohalarida, xususan, qishloq xo‘jaligida mahsuldorlikni oshirishga xizmat qiladi.
“Yana davom ettirishim mumkin, ammo bu shunchaki mening har yillik umidim puchga chiqishi namunasidir. O‘zbekistondagi islohotlar va uning salohiyati borasida umidim katta. O‘tgan qisqa muddat ichida juda ko‘p narsa o‘zgardi. Shuning uchun ham UzIMEI tizimi juda xafa qiladi. xuddiki kichik chivin shuncha azob beradi.
Bu mening har yillik niyatim, o‘tinchim: telekommunikatsiya islohotlari nihoyat yakuniga yetsin, telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish silliq, sodda va O‘zbekistonda muloqotga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan tizimga aylansin”, deydi Jahon banki eksperti Vinayak Nagaraj.
Ma’lumot o‘rnida, respublika xududida mobil qurilmalarni IMEI-kodlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kelinadigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi 778-son qaroriga muvofiq joriy qilingandi. Shuningdek, mobil qurilmaning IMEI-kodi ro‘yxatdan o‘tgan-o‘tmaganini tekshirish uzimei.uz sayti orqali amalga oshirilishi belgilangan.
LiveBarchasi