“O‘zga sayyoralik”ni ko‘rish uchun kelgan yulduzlar yoxud Messining debyuti qanday o‘tdi? (fotoreportaj)

Sport

image

Argentinalik futbolchi Lionel Messi “Inter Mayami” safida ajoyib debyut qildi. Meksikaning “Krus Asul” klubiga qarshi o‘yin durang natija bilan yakunlanayotgandi, biroq qo‘shib berilgan vaqtda Leo jarima zarbasini qoyilmaqom qilib amalga oshirdi.

“Inter Mayami” egasi Devid Bekxem, basketbol afsonasi Lebron Jeyms, mashhur tennischi Serena Uilyams va taniqli aktrisa Kim Kardashian kabi yulduzlar Messining debyutini ko‘rish uchun stadionga keldi.

Leoning Mayamidagi ilk o‘yini ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Mayami klubining 21 ming nafar tomoshabinga mo‘ljallangan arenasi muxlislar bilan to‘lib-toshdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Leoning debyuti uchun eng arzon chipta 314 dollarni tashkil qilgan. Eng yaxshi joylarga chipta aql bovar qilmaydigan summa – 23 ming dollardan sotilgan.

O‘yindan oldin “Inter”ga yangi kelgan Lionel Messi basketbolchi Lebron Jeyms bilan juda iliq ko‘rishdi.

Argentinalik futbolchi o‘yinni kutilganidek zaxira o‘rindig‘ida boshladi.

Birinchi bo‘lim oxirida “Inter” hisobni ochdi: kameralar ob’ektivi darhol goldan xursand bo‘lgan Messiga qaratildi.

Leo va klubning yana bir yulduzi Serxio Buskets qo‘llarini tepaga ko‘tarib, golni nishonladi.

54-daqiqada hamma kutgan voqea yuz berdi, ya’ni Messi maydonga tushirildi.

Stadiondagi minglab muxlislarning shovqini ostida Messi sherigidan darhol sardorlik bog‘ichini oldi. 

Messi maydonga tushganidan 10 daqiqa o‘tib, Meksika klubi hisobni tenglashtirdi, ammo Messi amerikaliklarning bayramini buzilishiga yo‘l qo‘ymadi – u qo‘shib berilgan daqiqada gol urib, g‘alabani ta’minladi.

Baxtli Leo goldan so‘ng darhol oilasini quchoqladi.

Klub prezidenti Bekxem esa o‘yindan keyin o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan shunday dedi:

“Bu mamlakat, liga uchun juda muhim daqiqalar hisoblanadi. Bu biz uchun faxr”.

“Inter” hozirda MLSda oxirgi o‘rinda bormoqda. Messi esa boshqa turnirda debyut qildi. Mayami klubi ishtirok etayotgan hozirgi turnir orqali jamoa Chempionlar ligasiga yo‘l olishi mumkin.

“Biz uchun juda yaxshi o‘yin. Muxlislarimiz uchun g‘alaba bilan boshlamoqchi edik. Men kelganlarning barchasiga rahmat aytmoqchiman. Bu jarima zarbasi oxirgi imkoniyat ekanini bilardim. Yaxshiyamki, darvozabon to‘pni qaytarolmadi. Jamoa uchun g‘alaba qozonish muhim, chunki biz ligada yaxshi holatda emasmiz. Ha, bu boshqa turnir, ammo g‘alaba bizning ruhiy holatimizga yordam beradi”, deydi Messi o‘yindan so‘ng.

Ma’lumot uchun, Liga kubogi – bu AQSH va Meksika klublari ishtirok etadigan musobaqa. Joriy yildan buyon turnir KONKAKAF homiyligida rasmiy maqom oldi. Shuning uchun birinchi marta unda MLS va Meksika ligasining barcha 47 jamoasi ishtirok etmoqda. 

Ishtirokchilarda yaxshi motivatsiya bor: finalchilar va uchinchi o‘rinni egallagan jamoa avtomatik tarzda Chempionlar ligasiga yo‘llanma oladi (g‘olib esa darhol pley-off bosqichiga yo‘l oladi). “Inter” guruhida “Krus Asul”dan tashqari “Atlanta Yunayted” ham bor. Jamoalar 26 iyul kuni o‘zaro to‘qnash keladi, shundan so‘ng dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoa pley-off bosqichiga yo‘l oladi.

MLSda hozircha “Inter” uchun ishlar unchalik yaxshi emas. U 22 uchrashuvdan keyin 18 ochko bilan oxirgi o‘rinda turibdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing