“O‘zbeklar ishi” doirasida qamalib, oqlangan general-mayor Tal’at Sattorov vafot etdi
Jamiyat
−
10:03 2574 2 daqiqa
1986 yilda Gdlyan boshchiligidagi tergov guruhining “Paxta ishi” ayblovlari doirasida qamalib, qariyb 3 yil panjara ortida o‘tirgan va keyinchalik oqlangan general-mayor Tal’at Sattorov 71 yoshida vafot etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Ma’lumot uchun, Tal’at Sattorov 1955 yil 10 sentyabrda Samarqand shahrida tug‘ildi. Otasi Subhon ota qurilish tashkilotida rahbarlik lavozimida ishlagan. Onasi Munavvara aya o‘qituvchi bo‘lgan. 1972 yilda u o‘rta maktabni a’lo baholar bilan tugatib, yigitlik burchini o‘tab qaytgan. Shundan so‘ng Tal’at Sattorov yoshlar tashkilotining yo‘llanmasi bilan Toshkent shahar IIB Jinoyat qidiruv bo‘limida oddiy militsioner vazifasida faoliyatini boshlagan. Qariyb uch yil davomida ushbu sohaning sir-asrorlarini o‘rgangan.
Keyinroq IIV Toshkent Oliy maktabining kunduzgi bo‘limiga o‘qishga kirib, 1982 yil mazkur ta’lim muassasasini muvaffaqiyatli tamomlagan. Toshkent shahar IIB JQBda, 1983 yildan esa IIV Transport boshqarmasida va ichki ishlar organlarining boshqa sohaviy xizmatlarida faoliyatini davom ettirgan.
U Gdlyan boshchiligidagi tergov guruhining soxta bo‘htonlari ortidan 1986 yil hibsga olinib, umrining qariyb uch yilini qamoqda o‘tkazgan. Keyinroq gdlyanchilar tomonidan qo‘yilgan soxta ayblov ishi Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqilib, unga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan. Tal’at Sattorovga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar to‘liq undirilib, Oliy sudning ajrimi bilan u ichki ishlar organlariga xizmatga tiklangan.
U 1995-1997 yillarda Sirdaryo tumani IIB boshlig‘i, 1997-1998 yillarda esa viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Keyinchalik Buxoro, Namangan, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari IIB boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2005 yilda unga ko‘p yillik samarali xizmati, fidoyiligi va tashabbuskorligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan II darajali “Shon-sharaf” ordeni va 2010 yilda “general mayor” maxsus unvoni berilgan.
Live
Barchasi