O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi o‘zbekistonlik fuqarolarga murojaat bilan chiqdi
Jamiyat
−
14 fevral 2022
29810O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukraina hududida bo‘lib turgan yoki kelishni rejalashtirgan o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqdi.
Elchixona "tasdiqlanmagan, soxta ma’lumotlarni tarqatmaslikni va vahima berilmaslikni" so‘ramoqda.
“Elchixona Ukraina davlat organlari, diplomatik korpus va yurtdoshlarimiz bilan doimiy aloqada. Savollaringiz bo‘lsa, Elchixonaga elektron pochta (embassy@uzbekistan.org.ua) va telefonlar (+38 044 5015000, +38 044 5014182) yoki diplomatlarning Telegram manzillari orqali murojaat qiling”, deyiladi xabarda.
Elchixona, shuningdek, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi Kiyevga muntazam reyslar amalga oshirayotgani va manfaatdor fuqarolar Kiyev-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga qaytishlari mumkinligi haqida ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 13 fevral kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi Toshkent-Kiyev-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reysni amalga oshirdi. Aviakompaniya saytida ma’lum qilinishicha, har ikki yo‘nalish bo‘yicha navbatdagi rejali reyslar joriy yilning 16 va 20 fevral kunlariga mo‘ljallangan.
Ukrainani tark etayotganlar
Tobora taranglashib borayotgan Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi geosiyosiy vaziyat ortidan ko‘plab Yevropa va Osiyo mamlakatlari o‘z fuqarolariga Ukraiani zudlik bilan tark etishni buyurmoqda. Birinchilardan bo‘lib Qo‘shma Shtatlar kecha, 11 fevral kuni Kiyevdagi AQSH elchoxonasining favqulodda muhim bo‘lmagan xodimlaridan mamlakatdan zudlik chiqib ketishni talab qilgan edi.
AQSH Prezidenti Jo Baydenga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga hujum qilishi aniq va “tez orada mintaqada vaziyat izdan chiqib ketadi”. Bayden, hatto, ikki davlat o‘rtasidagi urush aniq qachon bo‘lishini ham ma’lum qilgan. Oq uy “Rossiya 16 fevral kuni Ukrainaga hujumni boshlaydi”, deya ta’kidlamoqda.
AQSH ortidan bir qator mamlakat rasmiylari ham o‘z fuqarolariga zudlik bilan Ukraiani tark etishni maslahat bermoqda.
Britaniya hukumati “Rossiya tomonidan tug‘ilayotgan xavf-xatar sababli Ukrainaga tashrif buyurish tavsiya etilmaydi”, deya xabar bergan.
Niderlandiyaning Kiyevdagi elchisi Yennes de Mol o‘z vatandoshlariga Ukrainani tark etishni maslahat bergan. Uning qo‘shimcha qilishicha, hozircha fuqarolarni markazlashgan holda evakuatsiya qilish rejalashtirilmagan. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi saytiga joylashtirilgan ma’lumotda, Ukrainaning Rossiya va Belarus bilan chegaradosh hududlari atrofidagi 10 km maydon qizil chiziqda belgilanib, u yerda xavf darajasi yuqori deya ta’kidlangan.
Bundan tashqari, Finlyandiya, Latviya, Shimoliy Makedoniya, Chernogoriya, Yaponiya va Janubiy Koreya mamlakatlarining TIVlari ham o‘z fuqarolariga Ukrainani tark etishni maslahat qilgan.
Yaponiya va Janubiy Koreya Ukrainadagi xavf darajasini qizil nuqtaga yetgan deya baholagan. Rasmiy Seul Ukrainaning barcha hududlariga tashrif buyurishni taqiqlab, xavf darajasini 4-pog‘onada ekanini bildirgan.
Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, ayni vaqtda Isroil diplomatlarining oilalarini Kiyevdan evakuatsiya qilgan. Norvegiya ham o‘z fuqarolarini Ukrainani tark etishga chaqirgan. Bundan tashqari, Oslo Ukraina bilan chegaradan 250 kilometr uzoqlikda Rossiya hududiga bormaslikni tavsiya qilmoqda.
LiveBarchasi