O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari kamayib boryapti
Jamiyat
−
08 avgust 2023
8212O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket to‘rtinchi oydirki, pasayishda davom etmoqda. 1 avgust holatiga ko‘ra, mamlakat zaxiralari 71,8 mln dollarga kamayib, 33,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumot berdi.
Jumladan, valyuta aktivlari miqdori 14,9 mln dollarlik kamayish bilan 9,6 mlrd dollarni tashkil qildi.
O‘zbekiston oltin zaxiralari qiymati o‘tgan oyga nisbatan 67,1 mln dollarga qisqarib, 23,02 mlrd dollarga tushdi.
Iyul oyi davomida oltinning fizik hajmi ham 12,1 mln troy unsiyadan 11,8 mln troy unsiyaga kamaygan.
Ma’lumot o‘rnida, iyunda qimmatbaho zaxiralar hajmi 650 mln dollarga kamayib, 33,7 mlrd dollarni tashkil etgandi. May oyida O‘zbekiston xorijga 11 tonna oltin sotib, qimmatbaho metall savdosi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqib olgandi.
Iyul oyidagi kamayish esa mamlakat zaxiralarining ketma-ket to‘rtinchi oyda ham qisqarishi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro valyuta zaxiralariga oid ma’lumotlarni yangilagandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari oxirgi 3 oyda 1,7 mlrd dollarga kamayib, 33,72 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi