O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 5,5 mlrd dollarga kamaydi

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari hajmi joriy yilning sentyabr oyida 5,55 mlrd dollarga yoki 7,7 foizga (72,1 mlrd dollardan 66,6 mlrd dollargacha) kamaydi. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan ma’lumotlarda keltirilgan.

Qayd etilishicha, zaxiralar kamayishining asosiy sababi oltin narxining tushishi bo‘lgan. Xususan, zaxiralarning oltin qismi bir oy ichida 4,8 mlrd dollarga, ya’ni 64,9 mlrd dollardan 60,1 mlrd dollargacha qisqargan, garchi oltinning jismoniy hajmi 14,1 mln troy unsiyasidan 14,3 mln troy unsiyasigacha oshgan bo‘lsa-da. Sentyabr oyida oltinning xalqaro narxi (London Fixing) 9 foizga arzonlab, bir troy unsiyasi uchun 4 188,75 dollarni tashkil etgan. 7 oktyabr holatiga ko‘ra, kotirovkalar bir unsiya uchun 4 119 dollargacha tushgan. Zaxiralar tarkibidagi oltin ulushi 90,2 foiz darajasida qolgan.

Valyuta zaxiralari bir oy davomida 10,6 foizga, ya’ni 6,6 mlrd dollardan 5,9 mlrd dollargacha kamaygan. Asosiy pasayish naqd valyuta va depozitlar hissasiga to‘g‘ri kelib, ular 629 mln dollarga kamayib, 4,24 mlrd dollarni tashkil yetgan.

Regulyator portfelidagi xalqaro qimmatli qog‘ozlar hajmi sentyabrda 74 mln dollarga – 1,77 mlrd dollardan 1,69 mlrd dollargacha qisqargan. Bungacha, iyul oyida portfel keskin kamayib, 2,86 mlrd dollardan 1,76 mlrd dollarga tushgan edi, avgustda esa deyarli o‘zgarmagan. Xalqaro zaxiralar tarkibida qimmatli qog‘ozlarning ulushi 2,5 foizni tashkil etgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyi oxirida Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston xalqaro zaxiralarining 87 foizi oltindan iborat ekanini va ushbu yuqori konsentratsiya oltin narxlarining keskin pasayishi xavfini oshirishi haqida ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing