O‘zbekistonning ehtimoliy raqibi qoidabuzarlikda ayblanmoqda

Sport

image

Nigeriya futbol federatsiyasi (NFF) FIFA’ga rasmiy shikoyat bilan murojaat qilib, O‘zbekiston milliy terma jamoasining ehtimoliy raqibi Kongo Demokratik Respublikasini 2026 yilgi Jahon chempionati pley-off bosqichida qatnashish huquqiga ega bo‘lmagan futbolchilarni maydonga tushirganlikda aybladi. Bu haqda “Thestar” nashri xabar berdi.

NFF bosh kotibi Muhammad Sanusining ta’kidlashicha, Kongo futbol assotsiatsiyasi FIFA’ga chalg‘ituvchi ma’lumotlar taqdim etgan hamda Kongo DR fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunlarni buzgan futbolchilarga musobaqada ishtirok etishga ruxsat bergan.

“Kongo DR qonunchiligiga ko‘ra, ikki fuqarolik tan olinmaydi, ammo ularning terma jamoasi safidagi bir nechta futbolchilar bir vaqtning o‘zida ham Kongo, ham Yevropa davlatlari pasportlariga ega. Bu esa ularni milliy qonunlarga ko‘ra musobaqada qatnashish huquqidan mahrum qiladi”,  dedi NFF rasmiysi.

Sanusi ushbu futbolchilarning ro‘yxatdan o‘tkazilishini “soxta” deb atab, FIFA chalg‘itilganini ta’kidladi. Uning aytishicha, xalqaro tashkilot futbolchilarni taqdim etilgan hujjatlar asosida ro‘yxatdan o‘tkazgan.

“FIFA qoidalariga ko‘ra, amaldagi pasport futbolchining musobaqada ishtirok etishi uchun yetarli hisoblanadi. Bizning xavotirimiz shundaki, Kongo Demokratik Respublikasi futbol federatsiyasi yolg‘on yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumot taqdim etgan”,  dedi Sanusi.

Ma’lumot uchun, Kongo DR pley-off finalida Nigeriyani penaltilar seriyasida 4:3 hisobida mag‘lub etib, konfederatsiyalararo pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. Endilikda ular 2026 yilgi Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun Yamayka va Yangi Kaledoniya o‘rtasidagi bahs g‘olibi bilan to‘qnash keladi. G‘olib jamoa esa Jahon chempionatida Portugaliya, Kolumbiya va O‘zbekiston bilan birga “K” guruhidan joy oladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Jahon chempionati Kongo DR

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing