O‘zbekistonning do‘sti Ganira Pashayeva komaga tushgani xabar qilindi
Olam
−
24 Sentabr 2023
27896Ozarbayjon Milliy Majlisi (parlamenti) deputati Ganira Pashayeva komaga tushib qoldi. Bu haqda mamlakatning bir necha ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Deputat yordamchisi Elbey Gadirov ayni paytda Ganira Pashayeva shifoxonadaligini, shifokorlar uni komadan olib chiqish uchun barcha choralarni ko‘rayotganini ma’lum qilgan.
Taxminlarga ko‘ra, deputatning komaga tushishiga dori-darmonlar sabab bo‘lgan.
Tibbiyot hududiy birliklarini boshqarish uyushmasining jamoatchilik bilan aloqalar va marketing bo‘limi boshlig‘i Zamira Odilova Ganira Pashayevaga kelib chiqishi noma’lum gipotonik holat tashxisi qo‘yilganini bildirgan. Shifoxona bosh shifokori Kamran Musayevning aytishicha, Pashayeva hozirda sun’iy nafas olish apparatiga ulangan.
“Oila a’zolarining iltimosiga ko‘ra, deputat tez yordam brigadasi tomonidan Markaziy klinik shifoxonaga o‘tkizildi”, deydi Zamira Odilova.
Haydar Aliyev jamg‘armasi esa deputatni davolash bilan bog‘liq barcha masalalarni o‘z zimmasiga olgan. Tegishli farmoyish jamg‘arma prezidenti va Ozarbayjon birinchi vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva tomonidan berilgan.
Ma’lumot uchun, Ganira Aleskar qizi Pashayeva 1975 yil 24 mart kuni Ozarbayjonning Tovuz viloyatida tug‘ilgan. U 1998 yildan ANS TV telekompaniyasida muxbir, bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlab kelgan. 2005 yilda u Haydar Aliyev jamg‘armasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limini boshqargan. 2005 yil 6 noyabrda 105-Tovuz saylov okrugidan deputat etib saylangan.
Shuningdek, u 2011 yil aprel oyida Turkiyadagi arxiv materiallari va guvohlarning so‘zlariga asoslanib, XX asr boshlarida turklar armanlarga qarshi genotsid qilgani haqida film suratga olgan. U Ozarbayjon yozuvchisi G‘azanfar Pashayevning jiyani hisoblanadi.
Ganira Pashayeva O‘zbekistonga ham tez-tez kelib turadi. U so‘nggi tashrifida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Qonunchilik palatasi va Senatida mehmon bo‘lib, deputat va senatorlar bilan muloqot qilgan edi. Shuningdek, O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan ham uchrashuv o‘tkazgan. Ganira Pashayeva Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida bir necha bor mehmon bo‘lib, O‘zbekiston haqida ozar tilida kitob nashr ettirgan. Shuningdek, uning she’rlar to‘plami ham o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr