O‘zbekistonning davlat qarzi 25 mlrd dollardan oshdi
Jamiyat
−
27 noyabr 2021
5007O‘zbekistonning davlat qarzi qoldig‘i joriy yilning III choragida 1,1 mlrd. dollarga (yil boshidan 2,1 mlrd dollarga) oshib, 1 oktyabr holatiga 25,3 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Bu haqda Moliya vazirligi hisobotida aytilgan.
Hisobot davrida davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbati barqarorlashish tendensiyasi saqlanib qolib, yil boshidagi 38,9 foizdan joriy yilning 1 oktyabr holatiga 38,4 foizgacha pasaydi.
Qayd etilishicha, joriy yilning iyul-sentyabr oylarida davlat qarzi qoldig‘ining 1,1 mlrd dollarga oshishi, asosan, davlat byudjeti taqchilligining moliyalashtirilishi va investitsion loyihalarning amalga oshirilishi natijasida qarz mablag‘larining o‘zlashtirilishi bilan birga 356,4 mln dollar miqdoridagi davlat qarzining so‘ndirilishi bilan izohlanadi. Natijada, joriy yilning III choragida:
• O‘zbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i 897,6 mln. dollarga oshdi;
• davlat kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i 42,2 mln. dollarga oshdi;
• davlat tomonidan kafolatlangan hamda davlat byudjetidan qaytariladigan ichki majburiyatlar qoldig‘i 102,2 mln. dollarga oshdi;
• O‘zbekiston Respublikasi nomidan 1 196,4 mlrd. so‘mlik davlat qimmatli qog‘ozlarini (DQQ) emissiya qilinishi va 407,2 mlrd. so‘m miqdoridagi DQQ so‘ndirilishi natijasida DQQ bo‘yicha qarzdorlik qoldig‘i 789,2 mlrd. so‘mga oshdi.
Vazirlikka ko‘ra, joriy yil boshidan kuzatilayotgan davlat qarzining YAIMga nisbati pasayish tendensiya, asosan, davlat qarzini xavfsiz darajada saqlash va uni samarali boshqarish borasida amalga oshirilayotgan prudensial choralar, yalpi ichki mahsulotning real o‘sish sur’atlari oshishi bilan izohlanadi. Xususan:
• yalpi ichki mahsulotning real o‘sish sur’ati joriy yilning III choragida 6,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, AQSH dollaridagi davlat qarzi qoldig‘i 4,6 foizga oshgan;
• O‘zbekiston Respublikasi nomidan yoki davlat kafolati ostida yangi jalb qilinadigan qarz hajmiga belgilanayotgan yillik limitlar bosqichma-bosqich maqbullashtirib borilmoqda.
2021 yilda davlat ichki va tashqi qarzlarini jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan sof hajmi 5,5 mlrd dollar (shundan, davlat qimmatli qog‘ozlarining sof hajmi – 5 trln.so‘m) miqdorida belgilangan.
“2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan 2022 yilda davlat tashqi qarzlarini jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd dollar, O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 6 trln. so‘m miqdorida belgilanishi taklif etilmoqda.
LiveBarchasi