O‘zbekistonning Britaniya bilan moliyaviy hamkorligi yangi bosqichga chiqadi
Jamiyat
−
17 iyun 1661 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi dasturi doirasida Buyuk Britaniyaning Investitsiyalar bo‘yicha davlat vaziri, lord Jeyson Stokvud boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda Buyuk Britaniyaning UK Export Finance, Standard Chartered UK, Sturgeon Capital, Endeavour Mining va British Petroleum kabi yetakchi kompaniyalari, banklari va moliya institutlari rahbarlari ishtirok etgan.
Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqqan.
Ikki tomonlama hamkorlikning ijobiy sur’ati ta’kidlangan. Tovar ayirboshlash hajmi va Britaniya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni jadal o‘sib bormoqda.
Toshkent xalqaro moliya markazi, Xalqaro tijorat sudi va kapital bozorini rivojlantirish hamda farmatsevtika, sun’iy intellekt va energetika sohalarida texnologik sheriklikni kengaytirish bo‘yicha takliflar qo‘llab-quvvatlangan.
Moliya, infratuzilma, davlat-xususiy sheriklik, “yashil” energetika, transport, geologiya va neft-gaz sohalarida, shu jumladan, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov va Birlashgan Arab Amirliklari Energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy hamda Xitoy Xalq Respublikasi Milliy energetika boshqarmasi rahbari Van Xunchji boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan edi.
Live
Barchasi