O‘zbekistonning “asr loyihasi” qurilishida rossiyaliklar ham qatnashadi

Olam

image

Transafg‘on temir yo‘lini qurishda “O‘zbekiston temir yo‘llari”dan tashqari Rossiya temir yo‘llari ham ishtirok etishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Pokiston Islom Respublikasi Tijorat vazirining birinchi o‘rinbosari Muhammad Solih Faruqiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda aytib o‘tilgan.

Uchrashuvda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi chog‘ida (15-16 iyul 2021 yilda) imzolangan Tranzit va savdo to‘g‘risidagi bitim shartlarini amalda joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish masalasi ko‘rib chiqilgan. 

Bunda “Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar” transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilingan. Ta’kidlanishicha, Toshkent esa allaqachon Afg‘oniston hukumati bilan temir yo‘l loyihasi bo‘yicha kelishib olgan.

Temir yo‘l Yevropa Ittifoqini, Rossiyani Markaziy Osiyo, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan bog‘laydi. Loyiha qiymati esa taxminan 5 milliard dollarni tashkil etadi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, transafg‘on temir yo‘li qurilishida “O‘zbekiston temir yo‘llari”dan tashqari Rossiya temir yo‘llari ham ishtirok etishni rejalashtirgan. Rossiya temir yo‘llari, shuningdek, "Rosjeldorproyekt" va Iqtisodiyot va transportni rivojlantirish instituti hisob-kitoblarda, kartografik materiallarda yordam beradi, har bir yo‘nalishning afzalliklari va kamchiliklarini o‘rganadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Afg‘onistonning “Tolibon” harakati tomonidan tuzilgan muvaqqat hukumati transafg‘on temir yo‘lining yo‘nalishini tasdiqlagandi. 

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston aynan Afg‘oniston orqali temir yo‘l qurib, dengizga chiqishni reja qilgan. Bu uchun bir necha yirik loyihalar ham tayyorlangan. 2021 yilning iyul oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” nomli yirik xalqaro anjuman aynan ushbu loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan. Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning iyun oyida Surxondaryo viloyatiga qilgan tashrifida O‘zbekistonni dengizga olib chiqishi mumkin bo‘lgan “Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor” temir yo‘li qurilishini yuqori baholab, uni “asr loyihasi”, deb atagan edi. Ushbu temir yo‘l liniyasi aynan Surxondaryo viloyatining ma’muriy markazi Termizdan boshlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

398

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing