O‘zbekistonning Argentina bilan o‘yini bekor qilindi
Sport
−
15:56 1666 2 daqiqa
Lionel Messining Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashi sabab mamlakat milliy terma jamoasining Osiyoga turi va O‘zbekiston bilan o‘rtoqlik uchrashuvi bekor qilindi. Bu haqda “ESPN Argentina” nashri xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) joriy yilning 21 sentyabridan 6 oktyabrigacha davom etadigan FIFA kunlari doirasida terma jamoaning ikkita yoki uchta nazorat uchrashuvini o‘z maydonida o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Aniq dastur va raqiblar yaqin kunlarda e’lon qilinishi kutilmoqda.
Dastlab Argentina terma jamoasining Osiyo safari rejalashtirilgan edi. Shuningdek, joriy yilgi mundial finalchilari joriy yilning 30 sentyabr kuni Xitoyda O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishni rejalashtirgandi. Biroq Lionel Messining xalqaro faoliyatini yakunlash qaroridan so‘ng Xitoyda o‘tkazilishi kutilgan uchrashuv ham bekor bo‘ldi. ESPN jurnalisti Diyego Monroyning ma’lum qilishicha, jamoaning butun FIFA oynasini o‘z maydonida o‘tkazish ehtimoli 90 foizni tashkil etmoqda.
Uchrashuvlarning bir qismi Buenos-Ayresdagi “Monumental” stadionida o‘tkazilishi kutilmoqda. Qolgan bahslarni qabul qilish uchun Kordova ham asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, raqiblar Markaziy Amerika vakillari bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, KONMEBOL Jahon chempionati saralashi formati bo‘yicha FIFA bilan muzokaralar olib bormoqda. Argentina esa JCH-2026 dan keyin ham saralash bahslarida rasman ishtirok etish istagini bildirgan.
Lionel Messining terma jamoadan ketishi Argentina uchun yangi bosqichni boshlab bermoqda. Lionel Skaloni kuzgi o‘yinlardan yangi tarkibni shakllantirish va Messisiz jamoaning o‘yinini sinab ko‘rishda foydalanishi mumkin.
Ma’lumot uchun, navbatdagi FIFA kunlari 9-17 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi oldinda turgan FIFA kunlari doirasida Janubiy Koreya va Eron terma jamoalari qarshi bahs olib borishi reja qilingan. Qolgan raqiblar esa hali ma’lum emas.