Osh, kurash, konsert. O‘zbekiston Mustaqilligining 34 yilligi Turkiyada ham keng nishonlandi

Jamiyat

O‘zbekistonning Mustaqillik bayrami dunyoning juda ko‘plab nuqtalarida nishonlanmoqda. Bu masshtab  Rossiyadan Turkiyagacha, Koreyadan okean ortigacha cho‘zilgan. Quvonarli tomoni shundaki, bularning barchasi chet elda vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonliklar uchun tashkillashtirilmoqda.

Migratsiya agentligi va O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari birgalikda xorijdagi o‘zbekistonliklarga Mustaqillik bayrami shukuhini yetkazish maqsadida ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazyapti. Shunday bayram shodiyonalaridan biri Turkiya poytaxti Anqara shahrida tashkil qilindi va Migratsiya agentligi hamda O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi mazkur tadbirda Anqarada vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonliklarga ko‘tarinkilik ulashdi.

O‘zbekiston Mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan ushbu bayram dasturi ikki bosqichdan iborat bo‘ldi. Dastlab to‘rt turdagi sport musobaqalari: futbol, milliy kurash, qisqa masofaga yugurish va arqon tortish bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda o‘zbek milliy kurashi Turkiyada keng yoyilayotgani va bunda Anqarada vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonliklar asosiy rolda ekani namoyon bo‘ldi. Bu esa Anqarada bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar ma’lum turdagi mehnat faoliyati bilan band bo‘lishlariga qaramay, o‘zlarini qiziqtirgan sport o‘yinlariga ham vaqt topayotgani va bu uchun kerakli sharoitlar yaratib berilganining dalilidir.

“Bugun O‘zbekiston mustaqilligining 34 yillik shodiyonasi ekan. Chin qalbimdan muborakbod etaman. Yaratgan egam butun o‘zbek xalqiga mazmunli umr nasib aylasin. Biz ham o‘zbek xalqini yaxshi ko‘ramiz, ularni qardosh sifatida qadrlaymiz. Ayni damda Turkiyada kurashga talab ancha yuqori. Chunki, kurash bizning milliy va qadimiy jang san’atimiz bo‘lgani sabab sportchilar u bilan shug‘illanishni afzal ko‘rmoqda. Samarasi borligini bilib qolgach, yurak-yurakdan shug‘ullanish hissi otilib chiqyapti. Turkiyada bunday federatsiya yo‘q. Ammo tashkil etilish arafasida. Tashkil topishi uchun ham g‘ayrat va shijoatimizni safarbat qilyapmiz. Federatsiyaga loyiq ustozlarimiz Turkiya bo‘ylab mashg‘ulotlar amalga oshirmoqda. Shunday ishlar bilan kurashni dunyo bo‘ylab yoymoqdamiz”, deydi turkiyalik kurash bo‘yicha murabbiy Nihat Oba.

Sport musobaqalari yakunlangach, g‘oliblar Migratsiya agentligi va O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi tomonidan turli sovg‘alar bilan taqdirlandi. Sport o‘yinlari tadbirning alohida yorqin qismi bo‘ldi. Chunki musobaqalar turli nuqtalarda o‘tkazilganiga qaramay, Turkiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonlik ayollar erkak hamyurtlarini qo‘llab-quvvatlashda faollik ko‘rsatdi. Ular bunday tashabbuslarni uzoq kutgani, O‘zbekiston Mustaqillik bayramining Turkiyagacha yetib borgani va bu bayramdan olgan hislarini yashirib o‘tirmadi.

“Bizni hurmat qilib, Turkiyada shunday bayramni tashkillashtirib berganingiz uchun rahmat. Migratsiya agentligi va elchixona xodimlariga tashakkur. Har gal O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘rganda Vatan sog‘inchi tufayli ko‘z yoshlarni tiya olmayman. Bugun Mustaqilligimizning Anqarada ham nishonlanishi, barchamiz bir bo‘lib, hamjihatlikda buni bayram qilishimiz yaxshi bo‘ldi”, deydi o‘zbekistonlik Zamira Halilova.

Kunning ikkinchi qismida navbat bayram dasturxoni va konsert dasturiga yetib keldi. O‘zbekistondan taklif qilingan mahoratli san’atkorlar va aynan shu tadbir uchun chaqirtirilgan oshpazlar tadbirning mazkur qismida Anqaradagi o‘zbekistonliklarning xizmatida bo‘ldi. Tadbir yakunida ma’sullar xorijdagi, xususan, Turkiyadagi O‘zbekiston fuqarolari uchun kelgusi milliy bayramlarda ham shunday hissiyot va yaqinlik ulashishda davom etishga va’da berdi.

“Mustaqillikning 34 yilligi shukuhuning bir bo‘lagini Turkiyaga ko‘chirib olib keldik. Hamma xursand va mamnun. Buni odamlarning o‘zlari ham e’tirof etmoqda. Kelgusida bunday bayram tadbirlarini davom ettirishni rejalashtirganmiz. Keyingi rejalarda nafaqat Mustaqillik kuni, balki Navro‘z bayramini ham shunday tashkillashtirish va Anqarada o‘zining vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonliklarni ko‘nglini ko‘tarishda davom etishni maqsad qilganmiz”, deydi Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Matlab Kuranov.

QALAMPIR.UZ mazkur tadbirlarni har bir detaligacha yoritdi.

Anqarada o‘tgan O‘zbekiston Mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram haqidagi videoreportajni QALAMPIR.UZ’ning You-Tube-kanalida va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya O'zbekiston Anqara Mustaqillik bayrami

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing