O‘zbekistonning 2022 yil uchun davlat byudjeti loyihasi e’lon qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil uchun Davlat byudjeti daromadlari 200,0 trln. so‘m, xarajatlari esa davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 215,4 trln. so‘m miqdorida rejalangan. Bu haqda Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2022 yil uchun davlat byudjeti loyihasida belgilangan.

Qayd etilishicha, davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 31,9 trln.so‘m miqdorida, xarajatlari esa 58,7 trln. so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda. Bunda, davlat maqsadli jamg‘armalariga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan 26,5 trln. so‘m transfertlar ajratish belgilangan.

Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 83-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, unda:

•    2022 yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi;

•    2022 yil uchun konsolidatsiyalashgan Davlat byudjeti daromadlari va xarajatlari prognozi hamda 2023 – 2024 yillar uchun byudjet mo‘ljallari;

•    birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan 2022 yilda ajratilayotgan mablag‘larning cheklangan miqdorlari;

•    Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining daromadlari va xarajatlari prognozlari;

•    O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga ajratilayotgan tartibga soluvchi transfertlar;

•    davlat maqsadli jamg‘armalari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 2022 yilgi tushumlari va xarajatlari prognozlari hamda 2023 – 2024 yillar uchun byudjet mo‘ljallari;

•    O‘zbekiston Respublikasi nomidan va O‘zbekiston Respublikasining kafolati ostida olinadigan davlat qarzining cheklangan hajmlari belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasining “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi 17 ta modda va 10 ta ilovadan iborat.

2022 yil uchun Davlat byudjeti loyihasi va 2023-2024 yillar uchun byudjet mo‘ljallari asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi asosida ishlab chiqilgan.

Xususan, 2022 yilda yalpi ichki mahsulotning 6,0 foiz o‘sishi prognoz qilingan. Yalpi ichki mahsulotning ko‘zlangan o‘sish sur’atlari sanoatda ishlab chiqarishni 7,0 foizga, xizmatlar sohasida 6,5 foizga, qishloq xo‘jaligida 3,3 foizga o‘sishi hisobiga ta’minlanishi prognoz qilinmoqda.

Inflyatsiya darajasining pasayish tendensiyasi davom etib, 2022 yilda inflyatsiya darajasi 9 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Mazkur rivojlanish ko‘rsatkichlariga har bir sohada boshlangan tarkibiy islohotlarni sifatli davom ettirish orqali erishish maqsad qilingan.

O‘zbekiston Respublikasining o‘rta muddatga mo‘ljallangan byudjet siyosati mamlakatni ijtimoiy-iktisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq ravishda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ustuvor yo‘nalishlari sifatida quyidagilarni belgilash mumkin:

 1)  Byudjet siyosatinining ijtimoiy yo‘naltirilganligini, jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoyani rivojlantirishni ta’minlash;

 2) Kambag‘allikni qisqartirish, mahallabay ishlash tizimini rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish;

 3)  Byudjetni shakllantirishda “natijaga yo‘naltirilgan byudjet” tizimini bosqichma-bosqich to‘laqonli joriy etish;

 4) Davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash maqsadida, ilg‘or xorijiy tajribadan hamda xalqaro moliya institutlari ekspertlarining tavsiyalaridan kelib chiqqan holda soliq-byudjet siyosatining uzoq muddatli cheklovlari – “Fiskal qoidalar”ni ishlab chiqib, byudjet qonunchiligiga kiritish;

 5) Byudjet ochiqligini yanada oshirish, byudjet mablag‘lari sarflanishida jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni ta’minlash maqsadida aholining byudjet mablag‘larini taqsimlash jarayonidagi faol ishtirokini yanada kengaytirish;

 6) Byudjet xarajatlarini barqaror rivojlantirish maqsadlariga bog‘lash va shu orqali barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarga erishishni jadallashtirish.

Ushbu maqsadlardan kelib chiqib, 2022 yil uchun Davlat byudjeti daromadlari 200,0 trln. so‘m, xarajatlari esa Davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 215,4 trln. so‘m miqdorida;

Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 31,9 trln.so‘m miqdorida, xarajatlari esa 58,7 trln. so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda. Bunda, Davlat maqsadli jamg‘armalariga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan 26,5 trln. so‘m transfertlar ajratish belgilangan.

Xususan, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlari 29,1 trln so‘m, xarajatlari 43,9 trln. so‘mni tashkil etgan holda Davlat byudjetidan 14,0   trln. so‘m    miqdorida transfert ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Davlat moliyasini boshqarishning halqaro standartlariga muvofiq byudjet qamrovini oshirish hamda to‘liqligini ta’minlash maqsadida, 2021 yildan boshlab tashqi qarz hisobidan davlat dasturlariga rejalashtirilayotgan xarajatlar konsolidatsiyalashgan byudjet  tarkibiga   kiritildi. 2022 yilda ushbu xarajatlar 10,7 trln.so‘m miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, 2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining (Davlat byudjeti, Davlat maqsadli jamg‘armalari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, tashqi qarz hisobidan davlat dasturlariga amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar bilan birga) yuqori chegarasi 25,5 trln. so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,0 foiz miqdorida belgilanmoqda. Bunda Davlat byudjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari 16,2 trln. so‘m yoki prognoz qilinayotgan yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,9 foiz miqdorida taqchillik bilan rejalashtirilgan (Qonun loyihasining 1-ilovasi). Davlat byudjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalarining taqchilligi Davlat ichki va tashqi qarzlarini jalb qilish hamda byudjetlarning yil boshiga qoldiq mablag‘lari hisobidan, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining taqchilligi jamg‘armaning o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Shu bilan birga Qonun loyihasining 11-moddasiga muvofiq kelgusi yillarda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligini yalpi ichki mahuslotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik bo‘yicha byudjet qoidasi kiritilmoqda.

3. O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetining xarajatlari Qonun loyihasining 5-ilovasida 58 ta birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilari (vazirlik va idoralar) kesimida tasdiqlanmoqda.

Bunda Davlat dasturlarining rejalashtirilgan davlat xarajatlari bilan uyg‘unligini ta’minlash, ularni ijrosi bo‘yicha jamoatchilik va Parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida, Qonun loyihasida birinchi darajali  byudjet mablag‘larini taqsimlovchilari  byudjetida  Davlat dasturlari uchun ajratilayotgan mablag‘lar alohida ko‘rsatilmoqda.

Misol uchun, Sog‘liqni saqlash vazirligi jorii  xarajatlari qatorida mablag‘lar alohida ku rsatilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining daromad va xarajatlari Qonun loyihasining 6-ilovasiga muvofiq ma’lumot uchun qabul qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 27-moddasiga muvofiq, mahalliy byudjetlarning xarajatlari xududiy byudjet mablag‘larini taqsimlovchilari kesimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan mustaqil ravishda shakllantiriladi hamda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.

4. Moliya yili yakuniy sanasi holatiga O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan davlatqarziqoldig‘ining miqdori joriy yil yalpi ichki mahsulotiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi belgilab qo‘yilmoqda (Qonun loyihasining 10-moddasi).

Bunda, 2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi hukumati) nomidan va O‘zbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd. AQSH dollari, shundan Davlat byudjetini qo‘llab quvvatlash va loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun – 2,5 mlrd. AQSH dollari, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun – 2,0 mlrd. AQSH dollari miqdorida belgilash rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, 2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmini – 6 trln. so‘m miqdorida belgilash, bunda, moliya yili davomida chiqariladigan hamda joriy yilda so‘ndiriladigan O‘zbekiston Respublikasi davlat qimmatli qog‘ozlarini cheklangan sof hajmga kiritmaslik taklif etilmoqda.
5. Qonunning 12-moddasida soliqlar va soliqsiz tushumlarning byudjet bo‘g‘inlari o‘rtasida taqsimlanish qoidalari ko‘rsatib o‘tilgan va joriy yildagi tartibga qo‘shimcha tarzda yuridik shaxslarning mol- mulkiga solinadigan soliq hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i tumanlar va shaharlar byudjetlariga o‘tkazilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirish maqsadida  mobil  aloqa  xizmatlari  hamda  alkogol  mahsulotlari (shu jumladan pivo) uchun aksiz solig‘i bo‘yicha tushumlarga qo‘shimcha tarzda tamaki mahsuloti uchun aksiz solig‘i bo‘yicha tushumlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri aholisi sonining respublika aholisi sonidagi ulushiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjetiga, viloyatlarning viloyat byudjetlariga va Toshkent shahrining shahar byudjetiga to‘liq hajmda o‘tkazish taklif etilmoqda.

6. 2022 yilda quyidagi byudjet xarajatlari mahalliy byudjetlardan moliyalashtirishga o‘tkazish taklif etilmoqda:

•    umumta’lim muassasalarini, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini, sog‘liqni saqlash muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashga, shuningdek sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga oid tadbirlar doirasida ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlash-tiklash ishlariga doir xarajatlarni;

•    ko‘p kvartirali uy-joy fondiga tutash hududlarni ta’mirlash xarajatlari va issiqlik ta’minoti tashkilotlarining issiqlik tarmoqlari va qozonxona uskunalarini kapital ta’mirlash xarajatlarini;

•    aholining kam ta’minlangan va muhtoj qatlamlariga ko‘rsatiladigan bepul advokatlik xizmatlari xarajatlari.

Shuningdek, Qonun loyihasida barcha tuman (shahar)larda tegishli byudjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

83

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing