O‘zbekistonning 11 oydagi tashqi savdo aylanmasi ochiqlandi
Jamiyat
−
23 dekabr 2019
4010Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi hajmi 38,2 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, 9,5 mlrd AQSH dollariga yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33,4 foizga oshgan.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkichdan eksport hajmi 16,2 mlrd AQSH dollariga (o‘sish sur’ati – 43,3 foiz) va import hajmi esa 22 mlrd AQSH dollariga (o‘sish sur’ati – 27,0 foiz) yetdi. Hisobot davrida 5,7 mlrd AQSH dollari qiymatida passiv tashqi savdo aylanmasi qayd etildi.
O‘zbekiston jahonning 190 ga yaqin mamlakat bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Respublika tashqi savdo aylanmasining dunyo davlatlari qatoriga nisbatan salmoqli hissasi Xitoy Xalq Respublikasida (19,2 foiz), Rossiya Federatsiyasida (15,2 foiz), Qozog‘istonda (8,4 foiz), Koreya Respublikasida (6,6 foiz), Turkiyada (5,9 foiz), Germaniyada (2,4 foiz) va Qirg‘izistonda (2,0 foiz) qayd etilgan.
2019 yil yanvar-noyabr oylari yakunlariga ko‘ra MDH mamlakatlari bilan savdo hajmi 13 mlrd AQSH dollarini tashkil qildi va O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 34,2 foizga yetdi.
Qo‘shni davlatlar bilan ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishi o‘zaro savdo-sotiq aloqalariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. MDH mamlakatlari bilan tashqi savdoning qariyb 34,2 foizi, shundan eksportning 34,8 foizi va importning 33,7 foizi qo‘shni mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Boshqa xorijiy davlatlarning tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 65,8 foizga yetib (25,1 mlrd AQSH dollari) o‘tgan yilning mos davridagi tashqi savdo aylanmasiga nisbatan 42,0 foizga oshgan.
Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor-davlatlar orasidan beshta davlatda faol tashqi savdo balansi kuzatilgan, xususan, Afg‘oniston (550,6 mln AQSH dollari), Qirg‘iziston (494,0 mln AQSH dollari), Tojikiston (150,5 mln AQSH dollari), Fransiya (53,5 mln AQSH dollari) va Eron (9,1 mln AQSH dollari). Qolgan 15 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolmoqda.
LiveBarchasi