O‘zbekistonliklar Muhammad s.a.v.ning masjidlarida namoz o‘qidi
Jamiyat
−
28 iyul 2019
4487O‘zbekistonlik Haj ziyoratchilari 26 iyul kuni juma namozini Madina shahrida Muhammad s.a.v.ning muborak masjidlarida o‘qiganlar.
“Bu joyga hamma ham kelavermaydi, Olloh suygan bandalarinigina chaqiradi. Halol mehnat qilib, bog‘ yaratdim, odamlarning koriga yaradim. Mana, 84 yoshimda bir umrlik orzuim ushaldi. Bundan juda xursandman. Yurtimiz tinch va obod bo‘lib, hammani shu kunlarga yetkazsin”, deydi samarqandlik otaxon Egamberdi Mahmatqulov.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar joylashgan mehmonxonaning shundoq ro‘parasidagi “Masjid an-Nabaviy” juma namoziga bir necha soat avval namozxonlar bilan to‘ldi. Xususan, O‘zbekistondan kelgan ziyoratchilar juma namozini Rasulullohning muborak masjidida ado etib, mamlakat ravnaqini Yaratgandan so‘rab duo qilganlar.
“Bu masjidda namoz o‘qishlikning fazli boshqacha. Chunki bu yerdagi bir namoz boshqa masjidlardagi ming namozga tengligi haqida hadislar bor. Haj amalini bajarish uchun Madinaga kelganimdan, birinchi juma namozini “Masjid an-Nabaviy”da o‘qiganimdan judayam baxtiyorman”, deydi Namangandan kelgan otaxon Abdumutal Kamolov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 iyul kuni erta tongdan Haj ibodatini ado etish uchun otlangan o‘zbekistonliklarning dastlabki guruhi Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgandi.
Hojilar Madina shahridagi 5 yulduzli “Pullman zamzam” mehmonxonasi, Makka shahridagi 4 yulduzli “Abrojul Hidoya” mehmonxonasida istiqomat qilmoqdalar.
Ziyoratchilar shu yilning 24 iyul — 3 avgust kunlari Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Urganch-Madina hamda Nukus-Madina yo‘nalishlarida haj safariga kuzatiladilar va shu yo‘nalishlar bo‘yicha 17 avgust — 1 sentyabr kunlari mamlakatga qaytib keladilar.
LiveBarchasi