O‘zbekistonliklar qancha oltin quymalari va tangalar sotib olgani ochiqlandi
Jamiyat
−
15 Sentabr 2023
53172020 yildan beri o‘zbekistonliklar 255 kg og‘irlikdagi 13 130 ta oltin quymalarini sotib olgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki o‘z hisobotini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, 2021–2023 yillarda Markaziy bank tomonidan 5 xil mavzuga bag‘ishlangan har biri 15, 20, 31,1 grammdan umumiy vazni – 72kg bo‘lgan jami 3550 ta oltin tangalarini sotilgan.
Shuningdek, har biri 31,1 gramdan umumiy vazni – 121 kg. bo‘lgan 3900 ta kumushdan tayyorlangan esdalik tangalari ham sotuvga chiqarilgan.
“Sotuv tijorat banklarining viloyatlar va shaharlardagi 38 ta filiallari (sotuv shoxobchalari) orqali tashkil qilingan. Mazkur esdalik tangalarining texnik xususiyatlarini tasdiqlovchi asillik sertifikatlari mavjud bo‘lib, tangalarni sotuv shoxobchalari orqali naqd va naqd pulsiz hisob-kitoblar asosida harid qilish mumkin. Shuningdek, tangalar sotuvi yo‘lga qo‘yilgan shoxobchalarda o‘rnatilgan tartibda tangalarni qaytarib sotib olish xizmatlari mavjud.
Bugungi kunga kelib, aholi tomonidan numizmatika, kolleksiyalash, investitsiya hamda jamg‘arish maqsadida sotuv shoxobchalari orqali 2951 dona (83 foiz) oltin va 3864 dona (99 foiz) kumushdan tayyorlangan esdalik tangalari sotib olindi”, deyiladi Markaziy bank hisobotida.
Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, aholi tomonidan kichik o‘lchamdagi esdalik tangalarga talab yuqoriroq bo‘lib, nisbatan ko‘proq hajmda sotib olingan.
2023 yilning 1 sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2021-2023 yillarda sotuvga chiqarilgan esdalik tangalarining orasida “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” esdalik tangasi yetakchilik qilib, 2,5 yil ichida mazkur turdagi tanganing 381 ta oltin, 1992 ta kumush varianti sotilgan.
Shuningdek, Markaziy bank tomonidan joriy yil avgust oyida “Jaloliddin Manguberdi tavalludining 825 yilligi” mavzusiga bag‘ishlangan yangi esdalik tangalari muomalaga chiqarilib, oltindan tayyorlangan 15 va 20 gramm og‘irlikdagi (har biri 100 donadan) hamda kumushdan tayyorlangan 31,1 gramm og‘irlikdagi (400 dona) esdalik tangalari sotuvga chiqarilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 iyundagi PQ-3778-sonli qaroriga asosan 2020 yilning noyabr oyidan boshlab, Markaziy bank tomonidan 5, 10, 20 va 50 gramm og‘irlikdagi o‘lchovli oltin quymalarning sotuvi (asillik darajasi – 999,9) cheklanmagan miqdorda yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirda o‘lchovli quymalarni 151 ta sotuv shoxobchasi orqali sotib olish va qaytarib sotish imkoniyati mavjud.
Shunday qilib, o‘tgan davr mobaynida aholiga investitsiya va jamg‘arish maqsadlarida sotuv shoxobchalari orqali 13130 dona (umumiy vazni – 255 kg.) o‘lchovli oltin quymalari sotilgan.
Xududlar kesimida o‘lchovli oltin quymalarni sotish bo‘yicha Toshkent shahrida tashkil etilgan sotuv shoxobchalari yetakchilik qilib, poytaxtda sotilgan quymalar soni 9894 donani, ya’ni jami muomalaga chiqarilgan quymalarning 75 foizini tashkil etmoqda.
“Markaziy bank bundan buyon ham aholining investitsion talablarini qondirish maqsadida qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangalari hamda o‘lchovli oltin quymalari sotuvi bo‘yicha ishlarni davom ettiradi”, deyilgan hisobot so‘nggida.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2018 yildan boshlab aholining investitsiya va jamg‘arish imkoniyatlarini kengaytirish hamda mamlakatda qimmatbaho metallar bozori faoliyatini rivojlantirish maqsadida oltin va kumushdan tayyorlangan esdalik tangalarining sotuvini yo‘lga qo‘yilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq oltin qazib olish bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biri bo‘lgan O‘zbekistonning zaxiralari ketma-ket beshinchi oy ham kamayganini xabar qilgan edik.
LiveBarchasi