Maosh 3500 dollar: o‘zbekistonliklar AQSHda mavsumiy ishlarga jalb qilinadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonliklar AQSHda mavsumiy ishlarga jalb qilinadi. Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev bu bo‘yicha AQSHning USA Farm Labor tashkiloti rahbari Manuel Fik bilan muzokara olib bordi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur tashkilot 22 yildan buyon H-2A dasturi doirasida Qo‘shma Shtatlardagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga xorijiy ishchilarni jalb qilish bilan shug‘ullanadi. Hozirda Shimoliy Amerika hududida 1 400 dan ortiq fermer xo‘jaliklari va rancholar bilan hamkorlik shartnomasiga ega.

Onlayn tarzda o‘tgan muloqotda o‘zbekistonlik nomzodlarni ilk bor AQSHdagi mavsumiy ishlarga jalb etish tartiblari muhokama qilingan.

  • Ish muddati: 9–10 oy;
  • O‘rtacha oylik: 3 500 $;
  • Turarjoy: ish beruvchi hisobidan;
  • Malakali mutaxassislarga ustuvorlik beriladi.

Uchrashuv yakunida o‘zaro kelishuv imzolangan hamda hamkorlikni keyingi bosqichlarini eng tez muddatlarda amalga oshirishga kelishib olingan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi Favqulodda va muxtor elchisi Furqat Siddiqovga AQSHdagi mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga O‘zbekistonni kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish topshirilgandi.

H-2A vizasi

Ma’lumot uchun, AQSH hukumati 2026 yil boshida qishloq xo‘jaligi ishchilari uchun mo‘ljallangan H-2A vizasi tizimini soddalashtirish va fermerlar uchun xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan bir qator o‘zgarishlarni e’lon qildi. 

AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi (USDA), Mehnat vazirligi (DOL) va Milliy xavfsizlik vazirligi (DHS) arizalarni bir vaqtning o‘zida (simultan tarzda) topshirish imkoniyatini yaratish ustida ishlamoqda. Bu arizalarni ko‘rib chiqish vaqtini qisqartirib, tizimni yanada samaraliroq qilishi kutilmoqda.

Mehnat vazirligi 2026 yil uchun H-2A ishchilarining minimal ish haqi stavkalarini (AEWR) qayta ko‘rib chiqdi. Yangi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026 yilda fermerlar ishchilariga soatiga 15-20 dollar o‘rniga 8-17 dollar atrofida haq to‘lashi mumkin bo‘ladi.

2025 yil oxiri va 2026 yil boshidan boshlab USCIS arizalarni (I-129H2A formasi) onlayn tarzda qabul qilishni kengaytirdi, bu esa qog‘ozbozlikni kamaytiradi.

Hozirda Kongressda H-2A vizasini nafaqat mavsumiy, balki yil davomida ishlaydigan sohalar (masalan, chorvachilik) uchun ham qo‘llash bo‘yicha takliflar muhokama qilinmoqda. H-2A dasturida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning ro‘yxati AQSH Milliy xavfsizlik vazirligi (DHS) tomonidan har yili yangilanadi. 2025 yilgi oxirgi ro‘yxatga asosan, dasturda ishtirok etishga ruxsat berilgan ayrim davlatlar quyidagilar:

•    Meksika
•    Filippin
•    Tailand
•    Ekvador
•    Gonduras
•    Gvatemala
•    Yamayka
•    va boshqa ko‘plab davlatlar.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing