O‘zbekistonliklar hayotida 1 oktyabrdan nimalar o‘zgaradi?
Jamiyat
−
28 Sentabr 2023 58967 4 daqiqa
Joriy yilning 1 oktyabr sanasidan boshlab O‘zbekistondagi bir qator yangi tartiblar kuchga kiradi. QALAMPIR.UZ an’anaga ko‘ra milliy qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini sizga taqdim etadi.
Jazoni o‘tab chiqqanlarni ish bilan ta’minlaganlarga subsidiya beriladi
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir shaxs uchun 3 oydan ortiq muddatda mehnat faoliyatini davom ettirgandan so‘ng, bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari (990 ming so‘m) miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.
Byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav (fondi) kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno.
Shuningdek, quyidagilar yo‘lga qo‘yiladi:
- “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarida jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish;
- jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni tashkilotlardagi mavjud bo‘sh (vakant) hamda zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish tizimi.
“Yashil energiya” sertifikati joriy etiladi
Elektrning qayta tiklanuvchi manbalar asosida ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi “Yashil energiya” sertifikati tizimi quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr uchun joriy etiladi.
Korporativ munosabatlar sohasi takomillashtiriladi
Qimmatli qog‘ozlar fond birjasi listingiga kiritilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar pul oqimlari va aksiyalar chiqarilishining bir qismini bekor qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qo‘shimcha ravishda oshkor qiladi.
Agar qimmatli qog‘ozlar listingiga kiritilmagan bo‘lsa, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar belgilangan muhim faktlarni oshkor etmaydi (ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan banklar, sug‘urta tashkilotlari va aksiyadorlik jamiyatlari bundan mustasno).
Tabiiy gaz harakati ustidan nazorat kuchaytiriladi
O‘zbekistondan tabiiy gazni quvurlar orqali tashiydigan korxonalarning gazni qabul qilish va uzatish nuqtalariga xromatograf hamda elektron hisoblagichlar o‘rnatilishi majburiy bo‘ladi.
Shuningdek, tabiiy gaz va suyuq uglevodorodni realizatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomalarga oid ma’lumotlar Soliq qo‘mitasining axborot tizimiga kiritilib boriladi va mazkur shartnomalar yuzasidan elektron hisobvaraq-fakturalar Soliq qo‘mitasining axborot tizimidagi ma’lumotlar asosida shakllantiriladi.
Qurilishdagi ayrim mutaxassislarni sertifikatlash yo‘lga qo‘yiladi
Seysmik xavfsizligi II - IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish va nazorat funksiyalarini amalga oshirish yo‘nalishlaridagi faoliyat yurituvchi mutaxassislarni sertifikatlash tartibi joriy etiladi.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish markazi tashkil etiladi
O‘zbekistonda ona va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, shuningdek, markazning 14 ta hududiy filiali tashkil etiladi.
Markazda homilador ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni skriningdan o‘tkazish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan va yuqori texnologiyali diagnostika va davolash amaliyotlari joriy etiladi. Shuningdek, akusherlik-ginekologik, tibbiy-genetik maslahat xizmatlari ko‘rsatiladi.
“Raqamli Toshkent” kompleks dasturiga qo‘shimcha ma’lumotlar kiritiladi
Adliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kadastr agentligi, Soliq qo‘mitasi va boshqa davlat organlari axborot tizimlaridagi munitsipal mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ushbu tizimlarni o‘zaro integratsiya qilish orqali “Raqamli Toshkent” kompleks dasturiga yuklanadi.
Shuningdek, Toshkent shahrida belgilangan ob’ektlar negizida kompaniya tomonidan loyiha qiymati 1 million AQSH dollarigacha ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.
10 million so‘mdan ortiq moliyaviy sanksiyalarni sud orqali qo‘llaniladi
Tadbirkorlarga miqdori 10 million so‘mdan ortiq bo‘lgan soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun, agar tadbirkorlik sub’ekti huquqbuzarlikni inkor etsa, moliyaviy sanksiyalarni faqatgina sud tartibida qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, qonunchilikka ko‘ra:
- Eksklyuziv huquqlar berilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning reyestri (ro‘yxati) joriy etiladi;
- Raqobat qo‘mitasi bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga (ustun muzokara kuchiga) ega bo‘lgan sub’ektlarni aniqlaydi va ular tomonidan ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilishni taqiqlaydi;
- Raqobatga qarshi kelishuvni tuzgan yoki o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatni sodir etgan yuridik yoki jismoniy shaxs bu haqda Raqobat qo‘mitasiga birinchi bo‘lib ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, u raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikdan ozod etiladi.
Live
BarchasiNavoiyda Qorbobolar paradi o‘tkazildi
25 dekabr
Mariya Zaxarova 50 yoshga to‘ldi
25 dekabr