O‘zbekistonlik vazir Ilhom Aliyevga Mirziyoyevning salomini yetkazdi
Olam
−
21 may
4015Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev 21 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovni qabul qildi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Laziz Qudratov qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomi va ezgu tilaklarini davlat rahbariga yetkazgan. O‘zbekiston rahbari mamlakatlar o‘rtasidagi sheriklik darajasini yuksak qadrlashini qayd etgan. Mehmon O‘zbekiston Ozarbayjon Prezidentining uzoqni ko‘zlagan va oqilona siyosati natijasida erishilayotgan muvaffaqiyatlarni mamnuniyat bilan qabul qilishini alohida urg‘ulagan. Laziz Qudratov Ozarbayjonning xalqaro maydondagi nufuzi mustahkamlanib, iqtisodiyoti jadal rivojlanib, investitsiyalar hajmi oshib borayotganini aytgan. Global muammolarga qaramay, Ozarbayjon inflyatsiyani jilovlashga muvaffaq bo‘lganini bildirgan.
Mehmon, shuningdek, Prezident Ilhom Aliyev boshchiligida bosib olingan hududlarning qaytarilishi va tarixiy adolatning tiklanishi nafaqat Ozarbayjon, balki butun turkiy davlatlar tarixida muhim voqea bo‘lganini alohida ta’kidlagan. Vazir ushbu tarixiy voqea O‘zbekistonda katta quvonch bilan kutib olinganini bildirgan. Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun davlat rahbariga minnatdorlik izhor etgan.
Prezident Ilhom Aliyev Shavkat Mirziyoyevning salomi va ezgu tilaklari uchun minnatdorlik bildirib, o‘zining salomini O‘zbekiston Prezidentiga yetkazishni so‘ragan.
Davlat rahbari Ozarbayjon O‘zbekiston Prezidenti boshchiligida amalga oshirilayotgan taraqqiyot jarayonlarini katta qiziqish bilan kuzatayotganini aytgan.
“O‘zbekiston Prezidentining iqtisodiy islohotlar, ijtimoiy va boshqa barcha sohalarni rivojlantirishga qaratilgan siyosati aniq samaralar bermoqda. Prezident Ilhom Aliyev O‘zbekistonga tashrifini mamnuniyat bilan eslab, tashrif chog‘ida sanoat salohiyatini yuksaltirish, mamlakatimiz tarixiy-madaniy merosini muhofaza qilish bilan bog‘liq masalalar muvaffaqiyatli hal etilganiga guvoh bo‘lganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari hamkorligimizni rivojlantirish borasidagi hamkorlik kelgusida ham davom etishiga ishonch bildirdi.
Prezident Ilhom Aliyev Ozarbayjon suverenitetini tiklash yo‘lida O‘zbekiston va o‘zbek xalqining ko‘rsatayotgan yordamini alohida qadrlaydi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Fuzuli va Shusha shaharlariga qilgan sayohatiga ham to‘xtalar ekan, Prezident va O‘zbekiston xalqining tuhfasi bo‘lgan Fuzuli shahrida maktab ochilishi ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi”, deyiladi Prezident Matbuot xizmati bayonotida.
Prezident Ilhom Aliyev Laziz Qudratovning mamlakatga tashrifi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga doir loyihalarni yana bir bor ko‘rib chiqish uchun qulay imkoniyat yaratganini alohida urg‘ulagan.
LiveBarchasi