O‘zbekistonlik sobiq diplomat ozodlikka chiqdi

Jamiyat

image

Davlatga xiyonat qilganlikda ayblanib qamalgan sobiq diplomat Qodirjon Yusupov ozodlikka chiqdi. Bu haqda inson huquqlari bo‘yicha bir nechta tashkilotlar xabar berdi.

Bildirilishicha, 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Yusupov jazo muddatini to‘liq o‘tab, 2024 yilning 10 iyun kuni ozodlikka chiqqan.

Ma’lumot uchun, Qodirjon Yusupov 2020 yil yanvar oyida davlatga xiyonatda ayblanib, ozodlikdan mahrum etilgandi. Shundan so‘ng, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va bir qancha nufuzli xalqaro nodavlat tashkilotlari uni zudlik bilan ozodlikka chiqarish va reabilitatsiya qilishga chaqirgandi. 2018 yil 10 dekabr kuni hibsga olingan Yusupovning jazoni o‘tash muddati ham aynan o‘sha kundan boshlab hisoblangan. U 2006 yildan 2009 yilgacha O‘zbekistonning Avstriya, Slovakiya va Vengriyadagi muvaqqat ishlar vakili bo‘lib faoliyat olib borgan. U bir vaqtning o‘zida mamlakatning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi Venadagi doimiy vakili lavozimida ham faoliyat yuritgan. U xizmat muddati tugashi bilanoq, 2009 yilda Venadan Toshkentga qaytib keldi. 

2018 yil 3 dekabr kuni Yusupov Toshkent shahridagi “Pushkin” metro bekatida relslarga yiqilib tushganda, uning oilasi bu og‘ir psixologik holat tufayli o‘z joniga qasd qilishga urinish bo‘lganini ma’lum qilgan. Jarohatlanishi ortidan shifoxonaga yotqizilgan sobiq diplomat xorijiy davlatlar foydasi uchun O‘zbekistonga xiyonat qilganini tan olgan. 10 dekabr kuni u hibsga olindi va unga nisbatan Jinoyat kodeksining 157-moddasi 1-qismi bilan ayblov e’lon qilinib, 12 dekabr kuni qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Harbiy sud ishni 2019 yil 24 iyun kuni ko‘rishni boshlagan hamda jinoyat ishi bo‘yicha sud majlislari yopiq tarzda o‘tkazilgan.


Maqola muallifi

Teglar

sobiq diplomat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing