O‘zbekistonlik snayperlar xalqaro musobaqada g‘olib bo‘ldi (video)
Olam
−
22 iyul 9091 2 daqiqa
Joriy yilning 12-20 iyul kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tgan “O‘tkir tig‘-2025” xalqaro snayperlar musobaqasida O‘zbekiston Milliy gvardiyasi merganlari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar berdi.
Snayperlar musobaqasi Urumchi shahrida tashkil qilindi. Unda 25 ta davlatning vakillaridan iborat 45 ta jamoa ishtirok etdi. Bellashuvlar 4 yo‘nalishda bo‘lib o‘tdi va har bir yo‘nalish bo‘yicha o‘rinlar alohida belgilandi.
Musobaqada Xitoy, Vetnam, Janubiy Koreya, Belarus, Rossiya, Ispaniya, Liviya, Qirgiziston, Qozog‘iston, Indoneziya, Vengriya, Kuba singari davlatlar ishtirok etgan.
Bellashuvlarning eng murakkabi yuqori jangovar shaylik va mohirlikni talab qiluvchi 2 ta sharti bo‘yicha, xususan majmuaviy merganlar mashqi (1200 metr masofada joylashgan 7 ta o‘q otish pozitsiyasida har xil masofada joylashgan 24 ta nishonni tezkorlik bilan yo‘q qilish) va shahar sharoitida baland binodan otish mashqi (merganlar juftligida 100-650 metrgacha bo‘lgan 6 ta nishonni tezkorlik bilan yo‘q qilish) shartlari bo‘yicha O‘zbekiston snayperlari rekord natijalar bilan 1-o‘rinni egallagan holda mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Qolgan yo‘nalishlar (yakkalik hamda ekstremal merganlik mashqlari)da ham ular sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, musobaqa yakuniga ko‘ra, 8 ta medal, 10 ta diplom va qimmatbaho sovg‘alar, shuningdek, eng murakkab yo‘nalishlarda g‘alaba qozongan jamoa sifatida tezkor texnik va taktik yo‘nalishi bo‘yicha musobaqa kubogi sohibiga aylandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi Pokistonda o‘tkazilgan VIII Xalqaro “Jamoa ruhi” musobaqasida rekord natija qayd etib, g‘olib bo‘lgandi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr