O‘zbekistonlik xizmatchisini do‘pposlagan turk xonandasi jarimaga tortildi
Madaniyat-san’at
−
14 Oktabr 2022
20295Uyida xizmatchi bo‘lib ishlaydigan o‘zbekistonlik Gulnoza Mamatovaga tan jarohati yetkazgan Turkiyalik xonanda Seren Serengil jarima bilan qutulib qoldi. Bu haqda “Cumhuriyet” nashri xabar bermoqda.
Gap shundaki, 2020 yilning yozida, O‘zbekiston fuqarosi Gulnoza Mamatovaning advokati Ali Chezik Beykoz Turkiya Bosh prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilgan. So‘ng xonanda Seren Serengilga nisbatan jinoiy ish ochilgan.
Arizada, Serengil bir haftaga ta’til so‘ragan Mamatovani “sen bizga koronavirus yuqtirasan”, deya ayblab, uni sochidan tortgani va yerga yotqizib tepgani, shuningdek, xonanda o‘zining Mustafo ismli jazmani bilan Mamatovani Beykoz o‘rmoniga olib borib, tahdid qilgani qayd etilgan.
Beykoz sud-tibbiyot bo‘limining 2020 yil 5 iyundagi hisobotiga ko‘ra, Gulnoza Mamatova “yengil jarohat” olgan.
O‘zbekistonlik Gulnoza Mamatova va uning advokati suddan Seren Serengilni 4 oydan 1 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlashni so‘ragan.
Oradan ikki yildan ko‘proq vaqt o‘tib, Beykoz jinoyat sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida ayblanuvchi Seren Serengil “yengil jarohat” yetkazganlikda aybdor deb topildi va 150 kunlik jarima jazosiga hukm qilindi. Ammo, taraflar o‘rtasida bahs-munozarani kim boshlaganini aniqlash imkoni bo‘lmagani sudlanuvchi foydasiga inobatga olinib, sud ishida o‘z aksini topgan ijtimoiy munosabatlar, Serengilni sud davomidagi xatti-harakatlari inobatga olinib, jazo 93 sutkaga qisqartirildi.
Sud hukmiga ko‘ra, Seren Serengil kuniga 30 liradan hisoblangan 2 790 liralik (taqriban 150 dollar – tahr.) jarimaga tortildi. Shuningdek, sud Seren Serengilni 5 yil davomida nazoratga olish to‘g‘risida ham qaror qabul qilgan, ya’ni u 5 yil ichida qasddan jinoyat sodir etmasa, sud ishi to‘xtatiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 23 sentyabr kuni o‘zbekistonlik 23 yashar Nodira Qodirova Turkiya Buyuk Millat Majlisining “Adolat va taraqqiyot” partiyasidan Istanbullik deputati Shirin Unalning poytaxt Anqaradagi uyida o‘lik holda topilgan edi. Deputatning uyida xizmatchi bo‘lib ishlagan Nodira Qodirovaning tanasidan Shirin Unalga tegishli bo‘lgan to‘pponchadan otilgan o‘q topilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Seren Serengil 1971 yilning 6 aprel kuni aktyor O‘zturk Serengil oilasida tug‘ilgan. U o‘zini xonanda, aktrisa va teleboshlovchi sifatida sinab ko‘rgan. Boshlovchilik faoliyati davomida boshqa bir xonanda va aktrisa Gulben Ergen haqida aytgan so‘zlari uchun 2018 yilning yanvarida uch kunlik qamoq jazosiga hukm qilingan.
LiveBarchasi