Deputatning uyida ishlayotgan o‘zbekistonlik o‘z joniga qasd qildi. Suiqasd OAVdan yashirilyapti
Olam
−
25 Sentabr 2019
38824Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi deputati, nafaqadagi general Shirin Unalning uyida oqsoch bo‘lib ishlayotgan 23 yashar o‘zbekistonlik Nodira Qodirova generalning to‘pponchasi bilan o‘zini otib qo‘ydi. U Istanbuldagi Bilkent shifoxonasida vafot etdi.
Qodirova bir kun avval dugonasi Leylaga “Juda yomon ishlar bo‘lyapti. Men akamning yuziga qanday qarayman. O‘lishni istayman”, degan.
Shirin Unalning uyida ikki o‘zbek ayoli oqsoch bo‘lib ishlagan. Nodira asosan genaralning doimiy e’tiborga muhtoj rafiqasiga yordamchi bo‘lgan.
Ayni vaqtda Nodira Qodirovaning vafoti haqida rasmiylar va huquq-tartibot organlari sukut saqlayotgan bir vaqtda, uning akasi Muhammadali Qodirov OAVga murojaat qildi.
“Singlimning o‘z joniga qasd qilishiga olib keladigan hech qanday sabab yo‘q edi. Yaqin kunlarda universitetga kirish imtihonlari uchun tayyorgarlikni boshlamoqchi edi. Bilishimcha, Nodira soat 08:48da deputat Unalga tegishli to‘pponchadan yuragiga o‘q uzgan. Bilkent shifoxonasiga joylashtirilgan singlimga shikoforlar yordam qila olishmadi. Ma’lum qilishlaricha, soat 09:50 da singlimning joni uzilibdi”, deydi marhumaning akasi.
23 yashar Nodira Qodirovaning akasi o‘z so‘zida davom etarkan, sud-tibbiy ekspertizasi shubhali ravishda juda tez amalga oshirilgani, xulosani allaqachon berishganini aytadi:
“Singlim 4 yildan buyon Turkiyada yashayotgan edi. Hech qanday muammosi yo‘q edi. Uning o‘z joniga qasd qilishi bizni hayratda qoldirdi. Sud-tibbiy ekspertizasi deputatning aralashuvi bilan juda tez tamomlandi”.
Qodirovning ma’lum qilishicha, Nodira Qodirovaning jasadi bugun, 25 sentyabr kuni soat 22:00 dagi reys bilan O‘zbekistonga olib kelinadi.
Muhammadali Qodirov suiqasd bo‘yicha OAVga bergan ma’lumotida, sud-tibbiy ekspertiza juda tez o‘tkazilgani va bu yuzasidan yetarli gumonlari borligini ma’lum qilgan. Uning qayd etishicha, Qodirovaning oila a’zolariga uning o‘z joniga qasd qilishi bilan bog‘liq hech qanday ma’lumot berilmagan.
OAVning tekshiruviga qaraganda, Nodira Qodirova o‘z joniga qasd qilgan vaqtda deputat Shirin Unal o‘z uyida bo‘lgan. Biroq, u bo‘lib o‘tgan voqealar xususida OAVning savollariga javob berishni istamayapti.
LiveBarchasi