O‘zbekistonlik eshkakchilar bugungi dasturlarni uchta medal bilan yakunladi
Sport
−
02 Oktabr 2023
3223Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tayotgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining bugun, 2 oktyabr kungi dasturini o‘zbekistonlik eshkakchilar 3 ta medal bilan yakunladi. Bu haqda QALAMPIR.UZ jurnalisti Shaxzod Shukurov xabar berdi.
Shukurovning ma’lum qilishicha, baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha bugungi kun dasturidan o‘rin olgan bellashuvlarda qatnashgan sportchilar O‘zbekiston foydasiga 2 ta kumush va 1 bronza medalini keltirgan.
Dastlab 1000 metrga baydarkada eshkak eshish bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi final bahsi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Shaxriyor Mahkamov marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib bosib o‘tgan holda kumush medaliga ega chiqdi.
Ikkinchi startda 1000 metrga kanoeda eshkak eshish bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi dastur finalida ishtirok etgan Vladlen Denisov O‘zbekiston delegatsiyasiga yana bir kumush medalni taqdim qildi.
Baydarkada eshkak eshish bo‘yicha ayollar o‘rtasida 500 metrga kechgan bahsda ham o‘zbekistonlik sportchilar shohsupaga ko‘tarildi. Unda startga chiqqan Yekaterina Shubina hamda Arina Tanatmisheva juftligi marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi va bronza medaliga ega chiqdi.
Shuningdek, 500 metrga kanoeda eshkak eshish bo‘yicha juftlik bahslarida Artur Guliyev hamda Kamron Ahtamov to‘rtinchi, Nilufar Zokirova hamda Gulbahor Fayziyeva esa beshinchi bo‘lib marraga keldi. Xuddi shu masofada startga chiqqan baydarkachi yigitlar Denis Onufriyev hamda Ozodjon Amriddinov esa yettinchi o‘rinni qayd etdi.
Ma’lumot uchun, ertaga, 3 oktyabr kuni ham O‘zbekiston vakillari yana 6 ta dasturda medallar uchun kurash olib boradi.
LiveBarchasi